Rahimov Sobir Umar o’g’li

Rahimov Sobir Umar o’g’li [1902.25.1, Toshkent — 1945.26.3, Dantsig (hozirgi Gdansk, Polsha)] — harbiy arbob, generalmayor (1943). 1925 yilda Bokuda Birlashgan harbiy maktabni va 1930 y.da komandirlar sostavi malakasini oshirish kursini tugatgan. 1932— 38 yillarda va 1940 yildan armiyada. 1941 yildan frontda. Bosh shtab harbiy akademiyasining jadallashtirilgan kursini tugatgan (1943). 2-jahon urushida Janubiy frontdagi motorlashtirilgan polk komandiri, Zakavkaze frontida o’qchi diviziya komandiri. 1belorussiya fronti qo’shinlari tarkibida baranovichi, Slonim, Belostok, Graudents va boshqa shaharlarni, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashgan. Rahimov komandirligidagi 37-gvardiyachi o’qchi diviziya (2-Belorussiya frontining 65-armiyasi) 1945 yil Sharqni Pomeraniya operasiyasida o’rnak ko’rsatgan: diviziya o’sha yilning mart oyi oxirida Gdinya va Dantsig shaharlarida dushmanning yirik guruhlarini tor-mor etishda qatnashgan. Diviziya 1-eshelonda hujum qilib, armiyada 1-bo’lib Boltiq dengizi sohiliga chiqqan va Dantsig ko’chalarida jangni boshlab yuborgan. Rahimov og’ir yarador bo’lib halok bo’lgan. 1965 yil 6 martda Qahramon unvoni berilgan. Urushdan keyin Rahimov xoki Toshkentdagi qabristonga qo’yilgan. Toshkentda tuman, metro stansiyasi, bir necha maktabga Rahimov nomi berilgan. Rahimov haqida “General Rahimov” badiiy filmi yaratilgan (1967). Toshkent shahrining Sobir Rahimov tumanida haykal o’rnatilgan (1981).