Rahmat Majidiy
Rahmat Majidiy (1906, Xiva 1986.26.12, Toshkent) — adabiyotshunos. Orenburgdagi “Husayniya” madrasasida o’qigan (1917-18). Xorazm inqilobidan keyin Toshkentga borib, dastlab “Iqbol” mehnat internat maktabi (1920), Narimonov nomidagi maktab (1922), O’rta Osiyo universiteti ishchilar fakulteti (1923-25), so’ngra Moskva universiteti huquq fakultetida (1925-28) o’qigan. Kasallanish orqasida Xorazmga qaytib kelib, viloyat gazetada muharrir bo’lib ishlagan (1928-30). XXSRning tugatilishi bilan dastlab Samarqandda O’zbekiston Oliy sudi kollegiyasida a’zo (1930), so’ngra Toshkentga ko’chib borib, “Qizil Uzbekistan” gazetada bo’lim mudiri (1931), Yozuvchilar uyushmasini tashkil etish qo’mitasida rais (1932— 33), Yozuvchilar uyushmasida rais (1934) lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1935 yilda qizil professorlar institutiga o’qishga yuborilgan. O’qishni tugatgach (1938), Moskvadagi fabrikalardan biri qoshidagi maktabda o’quv bo’lim mudiri etib tayinlangan. 1940 yildan qatag’on etilguniga qadar (1950), oqlangandan keyin ham (1954 yildan) Toshkentda til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo’lib ishlagan. “Iste’dod va burch” (1974) va “Ogahiy lirikasi” (1963) kitoblari muallifi.