Rahmetov Sobir G’afurovich
Rahmetov Sobir G’afurovich (1952.19.12, Chimkent) — rangtasvir ustasi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (2003), O’zbekiston xalq rassomi 2000). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1973) va Sankt-Peterburgdagi Repin nomidagi rangtasvir, haykaltaroshlik va me’morlik instituti (1979) ni tugatgan. 1979 yildan Uyg’ur nomidagi Toshkent san’at instituti rangtasvir kafedrasida pedagog, 2003 yildan dotsent. Rahmetov ijodida yorqin bo’yoqlarni keng qo’llaydi; asar qahramonlari, manzaralar harakat jarayonida ko’tarinki ruhda aniq va nozik tasvirlanadi; ayniqsa, manzara inson ma’naviyati, uning ziddiyatlarga to’la qalb kechinmalarini ta’sirchan ifodalashning o’ziga xos vositasiga aylanadi. “Shoir G’afur G’ulom” (1986), “Haykaltarosh Azamat” (1987), “Bastakor Yunus Rajabiy” (1996), “Sulton Ahmad Mirzo” (2000), “Avtoportret” kabi portretlar, “Layli va Majnun” (1998), “Boysun” (1999), “Alpomish” (2002), “Xumson” (2002) va boshqa tarixiy va mavzuli kompozisiyalar muallifi. Rahmetov respublika va xalqaro ko’rgazmalar ishtirokchisi, asarlari respublika va Angliya, AQSh, Yaponiya, Turkiya, Germaniya kabi xorijiy mamlakatlar muzeylarida, xususiy to’plamlarda saqlanadi. Ad.: Sobir Rahmetov (Katalog), T., 2000.