Rahmonov Bekjon
Rahmonov Bekjon, Mulla Bekchon (1887, Xiva — 1929, Amudaryo) — yosh xivaliklar partiyasining arbobi, ma’rifatparvar. Xivada madrasa ta’limini olib, Istanbul dorilfununi (1913-18) da tahsil ko’rgan. Xorazmga qaytgach, jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Xivada xonlik tuzumi ag’darib tashlangach, XXSRda maorif vaziri (1920-21); MIK ish boshqaruvchisi (1921 yildan); “Inqilob quyoshi” gazetasining muharriri (1920-1921). Uning tashabbusi bilan Xorazmda ko’plab maktablar (o’zbek va turkman tillarida) ochilgan, 1921 yil sentabrda Xivada xalq universiteti tashkil qilingan. O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o’tkazilgach, Xorazm okrugi (viloyati) xalq maorif bo’limi mudiri (1925-26) va boshqa lavozimlarda ishlagan. Xorazm o’zbeklarining musiqa tarixiga oid tadqiqotlar va turli darsliklar muallifi. Amudaryo (kemaning ichi)da sovet chekistlari tomonidan fojiali o’ldirilgan. Ad.: Validiy , Bo’linganni bo’ri er (Xotiralar), T., 1997; Matkarimov M., Xorazm Respublikasi: davlat tuzilishi, nozirlari va iqtisodi, Urganch, 1993.