Rajabov Telman Dadayevich
Rajabov Telman Dadayevich (1935.15.8, Samarqand) — fizik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1995), fizika-matematika fanlari Doktori (1982), professor (1983). Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatgan (1959). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi institutida muhandis, kichik ilmiy xodim (1959-65), Fizika-texnika instituti (1969 yildan elektronika instituti)da bosh muhandis, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1966-86), ilmiy asbobsozlik Markaziy loyihalash-konstruktorlik byurosi direktori (1986-92), Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti) rektori (1992-98), shu universitet qoshidagi Markaziy Osiyo telekommunikatsiyalar o’quv markazi direktori (1998-2001), o’sha universitetda kafedra mudiri (1999 yildan). Ilmiy ishlari elementar zarralar fizikasi, vakuum texnikasi va fizikasi, plazma fizikasi, kosmik kemalar va yo’ldoshlarni faol elektrostatik muhofazalash, korroziyaga qarshi qoplamalar olish va maxsus ion manbalari yaratish, turli materiallar va qoplamalar sirtini fizik-kimyoviy modifikatsiyalash masalalari va boshqalarga doir. Rajabov rahbarligida xalq xo’jaligi ehtiyojlari (meva va sabzavotlarni vakuumda sublimatsion usulda quritish, biologik preparatlarni liofil usulda quritish va boshqalar) uchun sanoat qurilmalari yaratildi. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (2003). As: modifikatsiya svoystv tonkix metallicheskix plyonok i pokritiy pod voz- deystviem ionnogo oblucheniya; Vladivostok, 1991; materiallar va krplamalar sirti xossalarini ion bilan nurlantirib modifikatsiyalash, T., 1993.