Raketalar dinamikasi
Raketalar dinamikasi — reaktiv dvigatelli uchish apparatlari harakatini o’rganish bilan shug’ullanadigan fan. Raketalar dinamikasining nazariy asoslari 19-asr oxiri, 20-asr boshlarida yaratildi, 20-asr 40-yillari oxiridan jadal rivojlana boshladi. Bo’limlari: 1) raketalarning og’irlik markazi harakatini o’rganish; bunda traektoriyalarga oid masalalar nazariyasi yaratiladi; 2) raketalar harakatini og’irlik markaziga nisbatan o’rganish; bunda kosmik kemalarni kosmosda tutashtirish, raketalarni boshqarish, mo’ljalga to’g’rilash va boshqa masalalar hal qilinadi; 3) eksperimental Raketalar dinamikasi; bunda raketalar harakatini tadqiq qilishning eksperimental usullari o’rganiladi. Raketalar dinamikasida optik va radiotexnik asboblar, kompyuterlar qo’llaniladi, ehtimoliy jarayonlar nazariyasidan foydalaniladi. Raketalar dinamikasining asosiy vazifalaridan biri — dvigateli ishlab turgan raketalarning harakat qonunlarini o’rganish. Raketa uchayotganda yonilg’i yonishi tufayli massasi ancha kamayadi. Masalan, bir bosqichli raketalar tezlik olish (start) paytida dastlabki og’irligining 90% ini yo’qotadi. Dvigateli ishlab turgan raketalarning harakat qonunlari o’zgaruvchan massali jismlar mexanikasi tenglamalari orqali ifodalanadi.