Ramazon
Ramazon — 1) hijriy yil hisobining 9-oyi. Islom dinida Ramazon oyida Alloh Muhammad (sav)ga Qur’onni vahiy qila boshlagan, deb talqin etiladi. Shu sababli Ramazon muqaddas oy hisoblanadi, bu oy davomida musulmonlarga ro’za tutish buyuriladi. Ramazon — arablarda islomdan avvalgi 4 muqaddas oydan biri; dastlab yoz fasliga to’g’ri kelgan. Islom dini joriy etilishi arafasida Makkada Ramazon oyida yaxshi amallar qilish (tahannus) an’ana bo’lgan. Ramazon oyining 27-kuniga o’tar kechasi Muhammad (sav)ga Qur’on nozil qilingan. Ramazon oyida ro’za tutish hijraning 2-yili joriy etilgan. Musulmon mamlakatlarida Ramazonga oid marosim va an’analar har bir o’lkaning o’ziga xos urf-odatlaridan kelib chiqqan holda o’tkaziladi. 2) Ramazon munosabati bilan aytiladigan marosim qo’shig’i. Ramazon oyida kun botgandan so’ng bolalar ko’chama-ko’cha yurib, har bir xonadon eshigi oldida Ramazon qo’shig’ini aytishadi. Ramazon qo’shiqlari xonadonga yaxshilik, rizq, farzand, baraka tilash, Ramazonning muqaddas oyligini madh etishdan iborat. Ramazon aytish tugagach, xonadon egalari Ramazon aytuvchilarga non, shirinlik, pul, kiyimlik va boshqa in’omlar chiqarib berishadi.