Rashidova Sayyora Sharofovna
Rashidova Sayyora Sharofovna (1943.2.8, Jizzax) — kimyogar olima. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1993), kimyo fanlari Doktori (1983), professor (1984). Sh. Rashidovning qizi. Moskva universitetini tugatgan (1965). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi kimyo institutida laboratoriya mudiri (1972— 79), polimerlar kimyosi bo’limi rahbari (197981). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori (1981 yildan). Asosiy ilmiy ishlari yuqori molekulyar birikmalar kimyosi — polimerlar zanjirida kechadigan kimyoviy reaktsiyalarga oid. Rashidova rahbarligida yo’naltirilgan kimyoviy modifikasiyali biologik faol polimerlar, dorivor preparatlar, o’simliklarni himoya qilish vositalarini olish uchun yuqori molekulali moddalarni tanlashning nazariy asoslari, qishloq xo’jalik ekinlari (g’o’za, sholi, qand lavlagi va boshqalar) urug’larini ekishga tayyorlashda biologik faol polimerlarni qo’llab kapsulalashning ekologik zararsiz texnologiyalari ishlab chiqildi. Ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili (1995 yildan). “Do’stlik” (1999), “El-yurt hurmati” (2003) ordenlari bilan mukofotlangan. As: Biologicheski aktivnie polimernie kompozisii v semenovedenii (hamkorlikda), T., 1987, Vodorastvorimie biologicheski aktivnie polimernie sistemi i IX primenenie v selskom xozyaystve, T., 2003.