Ravalpindi

Ravalpindi — Pokistonning shimoliy Sharqiy qismidagi shahar. Panjob viloyatida, tog’ etagida. Mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Panjobdan Afg’oniston va Kashmirga boriladigan yo’l ustida. Aholisi 1,4 million kishi (1998), aksariyati pushtu, kashmiri, Gujarot va panjoblar. Ravalpindi — transport yo’llarining tuguni, muhim savdo-sanoat markazi. Oziq-ovqat, to’qimachilik (ip gazlama, shoyi, movut, trikotaj), poyabzal, kimyo-farmatsevtika, neftni qayta ishlash, metallsozlik va mashinasozlik, tsement korxonalari, temir yo’l ustaxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Shahar yaqinidagi neft va gaz konlaridan Ravalpindiga quvurlar o’tkazilgan. Miloddan avvalgi Ravalpindi o’rnida Gajipur shahri bo’lgan. O’rta asrlarda shahar Fotixpur-Baori deb atalgan. 14-asr boshida mo’g’ullar tomonidan buzib tashlangan. Keyinchalik shaharni gakkarlar qabilasining boshlig’i Ravalxon qayta tiklab, o’z nomi bilan atagan. 1849 yilda Ravalpindini inglizlar bosib olgan. 1947 yilgacha Ravalpindi Buyuk Britaniyaning Hindistondagi eng yirik harbiy bazasi bo’lgan. 1947 yildan 1960-yillar boshigacha Ravalpindi — Pokistonning muvaqqat poytaxti. Politexnika universiteti, kollejlar, harbiy muzey, arxeologiya muzeyi, kartinalar galereyasi, aeroport bor.