Ravnaq Pahlavonquli
Ravnaq Pahlavonquli (1725— Xorazm — 1805) — shoir. Xivadagi Sherg’ozixon madrasasida o’qigan. Dastlab Xiva xoni Abulg’ozi Soniy (1742— 47) ni maqtab she’rlar yozgan. 1768 yilda taxtga o’tirgan G’oyibxon ta’qibidan qochib, bir necha yil sarson-sargardonlikda yurgan. So’ng Xiva madrasalaridan birining hujrasida faqirlikda hayot kechirgan. O’zbek, fors va Arab tillarida, asosan, lirik janrlarda ijod qilgan. Yagona qo’lyozma devoni bizgacha yetib kelgan. U 286 she’r — 5251 misra: 258 g’azal, 22 muxammas, 5 qasida va 1 mustazoddan iborat. She’rlarining asosiy mavzui insonga va ijtimoiy hayotga munosabat masalalaridir. Ravnaq g’azal janrini tematik jihatdan boyitgan. G’azallarida insoniy ishq-muhabbatni, tabiat va hayot go’zalliklarini madh etish bilan birga davr va taqdirdan, zamona nosozliklaridan shikoyat qilgan. Navoiy (14 ta), Fuzuliy (3 ta), Mashrab, Xurramiy va boshqalarning g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Ravnaq qasidalari an’anaviy uslubdan farq qilib, muayyan shaxs yoki voqeaga emas, shoir yashab turgan ijtimoiy hayotga bag’ishlangan, ularda amaldorlar insofga chaqirilgan (“muncha Javring degil…”va boshqalar). Ravnaq she’rlari g’oyaviy va badiiy jihatdan qimmatli. “Devoni Ravnaq” nomli qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №922). Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 3j., T., 1978.