Raygras

Raygras (Arrhenatherum) — qo’ng’irboshdoshlar oilasiga mansub bir yillik va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi, yem-xashak ekini. Uning bo’ychan Raygras, ko’p o’rimli Raygras va bir yillik (yaylov) Raygras turlari bor. Bo’ychan Raygras (A.elatius) — ko’p yillik o’t. Yevropada, shimoliy Afrika, Osiyo va O’rta Osiyoda ekiladi. Asosan, pichan qilinadi, ko’k poyalari taxirroq. Mollarga boshqa g’alladoshlar va dukkakli o’tlar bilan aralash holda beriladi. 100 kilogramm pichanida 46,7 ozuqa birligi va 3,4 kilogramm hazm bo’luvchi protein bor. Bahorda erta ko’karadi, tez o’sadi. Raygras hosildorligi urug’ bo’yicha 2-3, pichan bo’yicha 6070 ts/ga. Ozuqa uchun Raygrasni ro’vaklanish va gullashigacha o’riladi. Kech o’rilsa poyasi dag’allashadi. Bo’ychan Raygras, shuningdek, gazon o’ti sifatida ham ekiladi. Ko’p o’rimli Raygras (A.lolium multifl orum) siyrak tupli ekin, beda va dukkakli o’tlar bilan aralash ekiladi. Tez o’sadi, sug’orilsa 6-7 marta o’rib olish mumkin. Pichan tarkibida 12% protein va 2,6% moy bor. Yaylov Raygras ko’p o’rimli Raygrasning bir yillik turi. 100 kilogramm poyasida 20 ozuqa birligi, 1,2 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Boshoq tortish va gullash davrida uriladi. Gektaridan 60-80 tsentner pichan olinadi. Ad.: Otaboeva H. va boshqalar, O’simlikshunoslik, T., 2000.