Reaktiv dvigatel
Reaktiv dvigatel — ish jismi (odatda, yonilg’i yonishidan hosil bo’ladigan gazeimon moddalar) oqimi hisobiga reaktiv kuch (tortish kuchi) hosil qiladigan dvigatel. Reaktiv dvigatelda turli xil energiya (issiqlik, yadro, quyosh va elektr energiyasi, kimyoviy energiya)ning mexanik energiyaga aylanishi hisobiga ish jismi oqimining kinetik energiyasi vujudga keladi, bundan tashqari, ish jismi dvigateldan otilib chiqqanda aks kuch paydo bo’lib, dvigatelni itaradi. Shuning uchun Reaktiv dvigatelni murakkab yaxlit tizim deyish mumkin. Bu tizim birlamchi (dastlabki) energiya manbai (masalan, quyosh energiyasi), ish jismi va energiyani bir turdan ikkinchi turga aylantiruvchi qurilma (ya’ni Reaktiv dvigatelning o’zi) dan iborat bo’ladi. Reaktiv harakat tushunchasi qadimdan ma’lum. Geron yaratgan sharni Reaktiv dvigatelning ajdodi deyish mumkin. 10-asrdan Xitoyda poroxli raketalar paydo bo’ldi va Sharqda, keyinchalik Yevropada mushakbozlik, signal va jangovar raketalar sifatida bir necha asr mobaynida qo’llanilib keldi. Va, nihoyat, 20-asr boshiga kelib (1903) K.E. Tsiolkovskiy suyuq yonilg’ili Reaktiv dvigatelning asosini taklif etdi. R. Goddard 1926 yil suyuq yonilg’ili raketalarni uchirdi. V. P. Glushko jahonda birinchilar katorida suyuklikli reaktiv dvigatelni yaratdi. Uning rahbarligida elektrotermik Reaktiv dvigatel yaratildi va sinaldi. 2-jahon urushi (1939-45) yillarida havoreaktiv dvigatellari samolyotlarga o’rnatildi. Urushdan keyingi yillarda elektr raketa dvigatellari va yadro raketa dvigatellari yaratildi. Reaktiv dvigatel borgan sari takomillashtirilib borilmoqda. Reaktiv dvigatel ishlayotgan paytda atrofdagi muhit (havo)dan foydalanishi yoki foydalanmasligiga qarab, 2 asosiy guruhga bo’linadi. Atrofdagi havodan foydalanadigan Reaktiv dvigatel havoreaktiv dvigateli, foydalanilmaydigani raketa dvigateli (rd) deb ataladi. Barcha havoreaktiv dvigatellarida energiya manbai — yonilg’igina dvigatel bortida bo’ladi, ish jismining anchagina qismi (havo) esa atrof muhitdan olinadi. Reaktiv dvigatelda esa ish jismining barcha komponentlari uning bortida bo’ladi. Reaktiv dvigatel texnika (aviasiya, kosmonavtika va boshqalar) da qo’llanadi.