Referendum
Referendum (lotincha referendum — bildirilishi kerak bo’lgan) — umumxalq ovoz berish yo’li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shakli. Bevosita demokratiyaning muhim vositasi. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, Referendum o’tkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro’yxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, Konstitutsiya, Konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakat xalqaro maqomiga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biron bir savol qo’yiladi. Saylov natijalari majoritar tizim bo’yicha ham, proportsional tizim bo’yicha ham aniqlanishi mumkin bo’lsa, Referendum natijalari faqat majoritarizm (mutlaq ko’pchilik ovozini hisoblash) tamoyillari asosidagina aniqlanishi mumkin. Referendumning o’ziga xos shakli plebissit hisoblanadi. Ayrim mamlakatlar (masalan, Frantsiya)da plebissit Referendumga nisbatan birmuncha kengroq tushuncha hisoblanadi. Ba’zi mamlakatlar (masalan, AQSh)da esa plebissit bilan Referendumni farqlamaydilar. Hozirgi zamon davlatlarining konstitusiyaviy huquqi Referendum va uni o’tkazishning turli xil ko’rinishlarini nazarda tutadi. Referendumlar butun davlat hududida o’tkaziladigan umumilliy Referendum va alohida federatsiya sub’yektlari yoki ma’muriy-hududiy birliklarda o’tkaziladigan mahalliy Referendumga bo’linadi. Konstitutsiyaga yoki qonunlarga taalluqli Referendum o’tkazilishi mumkin. Birinchi holda yangi Konstitutsiya loyihasi yoki Konstitutsiyaga qilinadigan o’zgartirish va tuzatishlar bo’yicha Referendum o’tkazilsa, ikkinchi holatda qonun loyihasi yoki kuchga kirgan qonun bo’yicha Referendum o’tkaziladi. Huquqiy ahamiyati jiqatdan maslahat Referendumlari (xalq so’rovi deb ham ataladi) va hal qiluvchi Referendumlar bo’ladi. Maslahat Referendumlari biron bir masala yuzasidan saylovchilarning irodasini aniqlab olish bo’yicha o’tkazilib, ana shu asosida davlatning boshqa organlari qaror chiqaradi (bunday Referendumlar Shveytsariya, Ispaniyada o’tkaziladi). Hal qiluvchi Referendumlarda biron-bir masala uzil-kesil qaror chiqarish uchun saylovchilar ovoziga qo’yiladi. Shuningdek, majburiy va fakultativ Referendumlar bo’ladi. Referendumlar o’tkazish zarurati Konstitutsiya yoki boshqa konstitutsiyaviy-huquqiy hujjatda ko’rsatilgan bo’lsa (masalan, Konstitutsiya o’zgartiriladigan holda) majburiy Referendum o’tkaziladi. Fakultativ Referendumlar tegishli davlat organi yoki saylov korpusi irodasiga bog’liq holda o’tkaziladi. “O’zbekiston Respublikasining referendumi to’g’rsida”gi qonun (dastlab 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan, 2001 yil 30 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan)ga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Referendumi O’zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarini qabul qilish maqsadlarda jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo’ladi va faqat Referendum yo’li bilan bekor qilinishi yoki o’zgartirilishi mumkin. Referendum O’zbekiston Respublikasining butun hududida o’tkaziladi. Referendumni o’tkazish tashabbusi bilan: O’zbekiston Respublikasi fuqarolari; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi; O’zbekiston Respublikasi Prezidenti chiqishi mumkin. Referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo’lgan (18 yoshga to’lgan) O’zbekiston fuqarolari umumiy sonining kamida 5 foizini tashkil etgan fuqarolar imzosi to’plangan (bunda imzo chekkan fuqarolar miqdori har bir ma’muriy-hududiy tuzilma bo’yicha bir tekis va mutanosib ravishda taqsimlangan) bo’lsa; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari a’zolarining uchdan ikki qismining ovozi bilan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining asoslantirilgan talabi bilan Referendum o’tkazilishi mumkin. Quyidagi masalalar Referendum predmeti bo’lishi mumkin emas: O’zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o’zgartirish; O’zbekiston Respublikasi davlat byudjeti va soliqlar; amnistiya va afv etish; jamoat tartibini, aholi sog’lig’i va xavfsizligini ta’minlash bo’yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o’tkazish; O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish; mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish. Referendum yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi tarixida 1-marta 1991 yil 29 dekabrda Referendum bo’lgan. Bu Referendumda “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 31 avgustdagi Konstitutsiyaviy qonuni to’g’ri qabul qilinganligini O’zbekiston xalqi bir ovozdan ma’qulladi. 2002 yil 27 yanvarda O’zbekiston Respublikasida 2 palatalik parlamentni shakllantirish va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga o’zgartirishga bag’ishlangan Referendum bo’lib o’tdi. Bu Referendumlar O’zbekistonda demokratiya mustahkamlanib borayotganini ko’rsatadi. Akmal Saidov, Davron Ahmedov.