Reflekslar

Reflekslar — organizmning Markaziy nerv sistemasi orqali ichki yoki tashqi muhit omillari ta’siridan reseptorlar qo’zg’alishiga javob reaktsiyasi. Reflekslarning tuzilish mexanizmi reflektor yoydan iborat. Bunda retseptorlar ta’sirotni qabul qilib, sezuvchi (afferent) nervlarga, ular miya markaziga, markaziy nerv sistemasi qo’zg’alishi miyadan harakat organlariga uzatuvchi (efferent) nervlarga, ulardan effektorlar — muskullar, bezlar hamda ichki a’zolarga o’tkazadi. Reflekslar a’zolar ishini va ularning o’zaro ta’sirini tartibga keltirishda, organizm bir butunligini saqlash hamda yashash sharoitiga moslanishda katta ahamiyatga ega. Reflekslar haqidagi dastlabki tasavvurlarni frantsuz filosofi va tabiatshunosi R. Dekart ilgari surgan. 18-asrda Reflekslar va reflektor apparat to’g’risidagi ta’limotga shveytsariyalik A. Galler, Chex Y. Proxaska, shotland Ch. Bell, frantsuz F. Majandi va boshqalar o’z hissasini qo’shdi. 19-asrning 2-yarmiga kelib, reflektor (Avtomatik, ixtiyorsiz), shuningdek, ixtiyoriy harakatlar to’g’risidagi ma’lumotlar to’plandi. I. M. Sechenov o’z asarlarida “hayotdagi barcha ongli va ongsiz aktlar butun mohiyati bilan Reflekslardir” degan edi. Bu tushunchani I. P. Pavlov oliy nerv faoliyati to’g’risidagi ta’limotda rivojlantirdi. I. P. Pavlov barcha Reflekslarning kelib chiqishi, mexanizmi va biologik ahamiyatini hisobga olib, tug’ma Reflekslarni shartsiz reflekslar va hayot davomida orttirilgan Reflekslarni shartli reflekslarta ajratdi. Reflekslar turiga qarab, millisekunddan bir necha sekundgacha davom etadi. Qo’zg’alish reflektor yoyda faqat bir yo’nalishda — afferent neyrondan efferentga tomon o’tkaziladi. Bu xususiyat neyronlararo qo’zg’alishni uzatish paytida ajralib, sinaptik tutashishni vujudga keltiruvchi kimyoviy moddalar (mediatorlar)ta bog’liq. Reflekslar alohida-alohida kechmasdan, ma’lum funktsional hamda biologic ahamiyatga ega bo’lgan murakkab reflektor aktlarga birlashadi (masalan, og’riqni sezish natijasida hosil bo’ladigan reflektor Reflekslarda bir muskul qisqarsa, ikkinchisi bo’shashadi, nafas hamda yurak faoliyati o’zgaradi va hokazolar). Ichki a’zolar kasalliklari natijasida patologik Reflekslar ro’y berishi mumkin. Masalan, o’pka arteriyasi ichki pardasining ma’lum qismiga yot tana ta’sirida yurak ishi to’xtaydi (shartsiz patologik Reflekslar), obhavo yomon paytda toqqa ko’tarilayotganda yurak toj tomirlarida spazm ro’y beradi, xuddi shu holat ob-havo yaxshi vaqtda ham xuddi o’sha joyda takrorlanishi mumkin (shartli patologik Reflekslar). Shartli patologik Reflekslar takror ta’sirot bilan mustahkamlanmasada, uzoq vaqtgacha saqlanadi.