Registon
Registon (forscha — mayda tosh to’shalgan joy) — O’rta Sharq mamlakatlari shaharlaridagi Markaziy maydon, turli maqsadlarda odamlar to’planadigan joy bo’lgan Registon ko’p hollarda shahar arki yoki hokimlar saroylari yoni (Buxoro, Shahrisabz, Xiva)da barpo etilgan hamda ular ma’muriy siyosiy ahamiyatga ega bo’lgan. Dastlab me’moriy jihatdan sodda bo’lgan; ko’pchilik tomonidan toptaladigan bu joyga yozda tuprog’i o’ynab ketishi, yog’ingarchilik paytida botqoqlikka aylanishidan saqlash maqsadida qumtoshlar yotqizilgan. Shu xususiyati bilan boshqa ochiq joylardan farqlangan. Keyinchalik davrlar o’tishi bilan Registon atrofiga mahobatli jamoat binolari (jome masjidi, madrasa, devon kabilar) qurilgan, hovuz, daraxtlar bilan obodonlashtirilib, hashamatli ko’rinish olgan. Masalan, Buxoro Registoni arkning Janubda joylashgan. 10-asrda bu maydonni somoniylar saroyi, devonxonalar qurshab olgan. 20-asrda tarxi tuxumsimon bo’lib, maydon atrofida boshqa binolar bunyod etilgan (saqlanmagan). Shahrisabz Registoni Oq saroyning Janubida bo’lgan. Qarshi Registoni (16-asrda shakllangan) 19-asr oxiri — 20- asr boshlarida maydoni tevaragida Abdullaxon madrasasi, ro’parasida Odina masjidi joylashgan, shuningdek, Chorivoy madrasa, Sardoba, Nur madrasa, Oli Madrasa, hammom hamda Chorsu binolari bo’lgan. Qo’qon Registoni Chorsu yaqinida joylashgan. Xivada Registon Ko’hna arkida Sharq tomoniga tutash bo’lgan. Toshkent Registoni Chorsu maydonida shakllangan (15-17-asrlar). Xoja Axror qurdirgan jome masjid va madrasa (1451) ansambl asosini tashkil etgan. Keyinchalik Ko’kaldosh madrasasi va uning yaqinida Beklarbegi madrasasi (1835 yilda) qurilgan (Sovet davrida buzib tashlangan). Bularning ichida eng ulug’vori va to’liq shakllangan holda bizgacha saqlangani Samarqanddagi Registon ansambllari. Hayrulla Po’latov.