Reklamatsiya

Reklamatsiya (lotincha reclamatio — qat’iy norozilik) — tovar sotib oluvchining tovar yetkazib beruvchiga yoki xizmatlarni bajaruvchi (yoki aksincha)ga tegishli majburiyatlarni bajarmaganligi to’g’risida yozma ravishda bildiriladigan e’tirozi. Reklamatsiya turli sabablarga ko’ra: mahsulot sifati, miqdori va butligi davlat standarti, texnika shartlari namunasiga, kelishilgan shartlarga mos kelmaganda, tovarlar vaqtida yetkazib berilmaganda, to’lov qoidasi buzilganda, tomonlardan biri shartnoma talablarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda va boshqa hollarda beriladi. Tuziladigan savdo bitimlarida Reklamatsiya bayoni va uni ko’rib chiqish tartibi birma-bir aytib o’tiladi. E’tiroznomada tovar nomi, miqdori, shartnoma raqami, transport, Reklamatsiya sabablari (Tovar kamomadi, sifatsizligi, nobutligi va hokazolar), arznomachi talablari (vaqtida yetkazib berilishi, nuqsonlarning bartaraf etilishi, narxini tushirish, ortiqcha to’langan summani qaytarish, jarima to’lash, zararni qoplash) ko’rsatilishi kerak. Shartnoma tuzgan tomonlar Reklamatsiyani do’stona hal etishga harakat qiladilar, agar buning iloji bo’lmasa, jabrlangan tomon hal qilishni so’rab javobgar mamlakat hakamligi (arbitraji)ga, ba’zi mamlakatlar bitim shartlariga ko’ra, betaraf mamlakatlar (masalan, Shvetsiya — Stokgolm) hakamligiga arz qiladilar. Ko’p hollarda da’vogar sotib oluvchi, javobgar sotuvchi bo’ladi.