Reliktlar

Reliktlar (lotincha relictum — qoldiq) — qadimda keng tarqalib, keyinchalik qirilib bitgan flora va faunadan saqlanib qolgan o’simlik va hayvonlar turlari va boshqa taksonlari. Hamma paleoendemiklar Reliktlar hisoblanadi. Birmuncha keng tarqalgan, lekin yaxlit arealga ega bo’lmagan Reliktlar ham bor (Lola daraxti va boshqalar). Reliktlar qaysi geologik davr faunasi yoki florasidan saqlanib qolgan bo’lsa, o’sha davr nomi bilan ataladi. Masalan, uchlamchi davr Reliktlari (Ginkgo, sekvoyya, metasekvoyya, vizildoq qo’ng’izlar turlari va boshqalar), muzlik Reliktlari (pakana qayin), mezozoy Reliktlari (dasht sfagnumi) va boshqalar.