Relyativizm

Relyativizm (lotincha relativus — nisbiy) — bilimning nisbiyligi, shartliligi, sub’yektivligini e’tirof etuvchi, mutlaq axloq me’yorlari va qoidalarini inkor etuvchi falsafiy qarash. Bilishda ko’pincha agnostisizmga olib boradi. Relyativizmni birinchi marta yunon faylasufi, Sofist Gorgiy (Horgiy) (miloddan avvalgi taxminan 483-375) bayon etib, barcha bilimlarning nisbiyligini ta’kidlagan. Relyativistlar bilimlarni uzluksiz davom etib va o’zgarib borishini asos qilib olib, ularni haqiqiy emas deb isbotlamoqchi bo’ladilar, bu bilan bilimlarning ob’yektivligini umuman inkor etadilar. Bilimlarimiz voqelikni asosan to’g’ri aks ettiradi, lekin birdaniga, to’la aks ettirmaydigan nisbiy haqiqatlardan so’ng boyitilgan va konkretlashtirilgan bilim — ob’yektiv haqiqatning to’la va tugal shakli bo’lgan mutlaq haqiqat tomon boradi. Mutlaq haqiqatni esa qotib qolgan, o’zgarmaydigan bilim deb, nisbiy bilimni fakat nisbiy deb tushunmaslik lozim. Mutlaq haqiqatda nisbiy haqiqatning zarralari bo’ladi. Masalan, fanda bir nazariya o’rniga ikkinchisi kelganda, eskisi butunlay uloqtirib tashlanmaydi, undagi ijobiy, to’g’ri tomonlari rivojlantiriladi. Ilmiy nazariyalarning almashinishi uzluksiz taraqqiyotining natijasi ekanligini bildiradi. Nisbiylik nazariyasining Relyativizm bilan hech qanday aloqasi yo’q.