REPARATSIYA

REPARATSIYA (lot. raparatio – qayta tiklash) — moddiy xalqaro huquqiy javobgarlik turi; davlatning boshqa davlatga yetkazgan zararini pul bilan yoki boshqacha shaklda qoplashi. Reparatsiyani natura shaklida, pul yoki boshqa moddiy kompensatsiya shaklida yoki bir vaqtning o’zida restitutsiya (g’ayriqonuniy egallab olingan va olib ketilgan mol-mulkni qaytarish) va zararlarni qoplash shaklida qo’llash mumkin. Reparatsiyani amalda 1919- yilgacha mavjud bo’lgan kontribusiyadan farqlash kerak. Hozirda xalqaro huquqqa ko’ra, davlatning agressiv urush boshlanganligi uchun moddiy javobgarligi, ya‘ni harbiy Reparatsiya muhim ahamiyatga ega. Jumladan, 1945-yilgi Qrim (Yalta) konferensiyasi va Berlin konferensiyasi qarorlarida Germaniyaning Reparatsiya to’lashi, 1947-yil sulh shartnomalarida esa, ikkinchi jahon urushida Germaniya ittifoqchilari bo’lgan davlatlarning Reparatsiya to’lashi nazarda tutilgan.