Retranslyator

Retranslyator (re… va lotincha translator — ko’chiruvchi) — radioaloqa (yoki telealoqa), kosmik aloqada oraliq punkt sifatida foydalaniladigan qurilma, sun’iy muhit (masalan, sun’iy yo’ldosh) yoki osmon jismi. Faol (aktiv) va sust (passiv) xillarga bo’linadi. Faol Retranslyator — radioaloqa liniyalarining oraliq punktlariga o’rnatiladigan qabul qiluvchiuzatuvchi radiotexnik qurilma; qabul qilingan signallarni kuchaytirib uzatadi. Bunday Retranslyator antenna, radiopriyomnik, radiouzatkich, boshqarish qurilmasi va elektr manbaidan iborat. U ma’lum sondagi aloqa liniyalaridan iborat aloqa tarmog’i uchungina xizmat qila oladi. Aloqa yer sun’iy yo’ldoshlari (ESY), Mas, “Molniya1, 2, 3” (SSSR), “telestar”, “Intelsat” (AQSh) va boshqalar. Sust Retranslyator — ma’lum shakldagi mexanik konstruktsiya; sun’iy yo’l bilan hosil qilingan elektr o’tkazuvchi muhit yoki samoviy jism; radiosignallar energiyasini sochadi yoki qaytaradi. Radioaloqa liniyalarida oraliq punkt sifatida ishlatiladi. Retranslyator har xil chastotali radiosignallarga mo’ljallangan ko’p sondagi aloqa liniyalaridan tashkil topgan radiotarmoqqa xizmat qila oladi. Masalan, aloqa ESY — “Exo” (AQSh), ionlashgan zarralar buluti, oy yuzasi va boshqalar.