Reverberatsiya

Reverberatsiya (lotincha Reverberation — qaytarish) — yopiq xonada manbadan chiqayotgan yoki qaytgan tovush to’xtagandan keyin uning birdan so’nmay, asta-sekin so’nishi. Reverberatsiya tufayli xonaning har bir nuqtasiga tovush bir vaqtda yetib kelmaydi. Xonaning havo egallagan hajmi juda ko’p xususiy chastotali tebranma tizimlardan iborat. Har bir tebranma tizim xususiy so’nish koeffisientiga ega (bu koeffisient xonaning o’lchamiga, shakliga va boshqalarga bog’liq). Shuning uchun turli chastotali tebranishlar bir vaqtda so’nmaydi. Berk xonada nutq va muzikaning eshitilishiga Reverberatsiya sezilarli ta’sir etadi. Reverberatsiya davomiyligi Reverberatsiya vaqtidan iborat bo’lib, bu vaqt ichida tovush intensivligi 106 marta, sathi 60 db ga kamayadi. Xonaning akustik sifatini aniqlashda Reverberatsiya vaqti muhim omil hisoblanadi. Xona qancha katta bo’lsa va uning devorlari tovushni qancha kam yutsa, Reverberatsiya shuncha davomli bo’ladi. Reverberatsiya vaqti manbadan chiqayotgan tovush to’xtatilgandan keyin uning so’nish jarayonini yozib olish yo’li bilan o’lchanadi; bunda o’zi yozadigan logarifmik shkala qo’llanadi. Reverberatsiya darajasini aniqlash, elektromagnit to’lqinlarni o’lchash uchun Reverberatsiya kamerasi (maxsus xona)dan foydalaniladi. Teatrlar va kontsert zallarini qurishda Reverberatsiya albatta hisobga olinadi.