Revmatizm

Revmatizm (Yunoncha Rhevmatismos shilliq) — biriktiruvchi to’qimaning keng tarqalgan yallig’lanishi bilan tavsiflanadigan kasallik, bunda, asosan, yurak, bo’g’imlar va boshqa a’zolar yallig’lanadi. Streptokokklar qo’zg’atadigan qaytalanib turuvchi kasalliklar (asosan, angina) va organizmning streptokokklar ta’siriga javoban ko’rsatiladigan allergik reaktsiyalarga moyilligi kasallikning kelib chiqishida hal qiluvchi omil hisoblanadi. Angina bilan og’rigan bemorlar Revmatizmga ko’proq chalinishadi. Sovqotish Revmatizmning avj olishiga zamin yaratadi, shuning uchun kasallik ko’proq yilning sovuq va namgarchilik faslida kuzatiladi. Revmatizmga aksariyat 7-15 yashar bolalar chalinadi. Kasallik o’tkir boshlanishi mumkin; anginadan tuzalgandan so’ng 10-14 kun o’tgach, harorat yana ko’tariladi, og’riq paydo bo’ladi, tirsak, bilakkaft usti, tizza, boldiroyoq panjasi bo’g’imlari va boshqa bo’g’imlar qizarib, shishib chiqadi (revmatik poliartrit). Bunda bo’g’imlarning zararlanishi turg’un bo’lmaydi, odatda, 10— 12 kun o’tgach, poliartritning hamma alomatlari yo’qolib ketadi. Lekin bunday tuzalish vaqtincha, chunki ayni vaqtda yurak (muskul qavati, klapanlari, tashqi pardasi) ham zararlanadi. Klapanlarning revmatik zararlanishi ularning turg’un deformatsiyasiga va yurak porogi paydo bo’lishiga olib keladi. Revmatizmda yurakning zararlanishi (Revmokardit) poliartritsiz ham avj olishi mumkin. Revmatizmning boshka a’zolar va to’qimalar, chunonchi nerv sistemasini ham zararlantirishi mumkinligini hisobga olish zarur. Nerv sistemasi zararlanganda bolaning oyoq-qo’llari beixtiyor uchib turadi, o’ta qo’zg’aluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi. Bo’g’imning shishishi va ustidagi terining qizarishi bilan davom etadigan har qanday og’riq — Revmatizm, xuddi shuningdek, yurak sohasidagi noxush sezgilar va yurak urishi revmokardit belgilari bo’lavermaydi. Shu bois Revmatizmni faqat mutaxassis vrach tekshirib aniqlashi mumkin. Vrachga o’z vaqtida murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolab, tuzatib yuborsa bo’ladi. Kasallikning og’ir (o’tkir) bosqichida bemor, odatda, kasal- xonada davolanadi. Kasalxonadan chiqib ketgandan keyin ham uzoq vaqt revmatologiya Kabineta vrachi kuzatuvida bo’ladi. Dori-darmonlar bilan davolash tartibi, vrach tavsiya etgan gimnastika rejimi va darajasi kasallikning kechish xususiyatlari, yurak porogi, qon aylanishining yetishmovchiligi bor-yo’qligi va hokazolar bilan belgilanadi. Bemorda surunkali gaymorit, otit, faringit, tonzillit kabi kasalliklar.bo’lsa, ularni davolash, zarur deb topilganda operasiya qilish Revmatizmning yangi xurujlari oldini olishda zaruriy shart hisoblanadi. Revmatizmning oldini olishga uyjoy sharoitlarini yaxshilash, bolalar muassasalarida yuqumli kasalliklar oldini olish, organizmni chiniqtirish, fizkultura bilan shug’ullanish kabi sog’lomlashtirish tadbirlari kiradi.