Reykyavik

Reykyavik — Islandiyaning poytaxti. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Islandiya orolining Janubiy g’arbiy qismida, Atlantika okeanining Faxsafloui qo’ltig’i sosilida joylashgan. Iqlimi qishi yumshoq subarktika dengiz iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperarasi 0,4°, iyulda 11 — 12°. Qishda qo’ltiq suvi muzlamaydi. Yillik yog’in 800 mm. Aholisi 112,2 ming kishi (2002). Reykyavik — transatlantika yo’lidagi muhim port. Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Reykyavik — baliq sanoati va savdosining jahonda eng yirik markazlaridan. Shahar sanoati, asosan, baliq xo’jaligi va baliq ovlash flotiga xizmat ko’rsatish bilan bog’liq. Oziq-ovqat sanoatida baliq uni, moyi va boshqalar ishlab chiqariladi. Kema verfi, poyabzal, to’qimachilik sanoati korxonalari, alyuminiy, tsement zavodlari ishlab turibdi. Baliq sanoati uchun jihozlar ishlab chiqariladi. Maishiy ehtiyojlar va uylarni isitish uchun qaynoq yer osti suvlaridan foydalaniladi. Universitet, pedagogika instituti, ilmiy tadqiqotlar milliy kengashi, meteorologiya, patalogiya va bakteriologiya institutlari; yirik kutubxonalar, muzeylar, badiiy galereya, milliy teatr bor. Shahar o’rnida 17-asrgacha qishloq bo’lgan. 1920 yildan Islandiya Qirolligi, 1944 yildan Islandiya Respublikasi poytaxti.