Rezinatexnika sanoati
Rezinatexnika sanoati – neft kimyosi sanoati tarmog’i. Tarmoq korxonalarida sintetik va tabiiy kauchuk asosida turli rezina buyumlari tayyorlanadi. Asosiy mahsulotlari: avtomobil, motosikl, traktor, velosiped va boshqa mashinalarga shinalar, rezina qo’lpoqlar, transportyorlar, tashish lentalari, uzatma tasmalar, mashinalar va turli mexanizmlar uchun quyma va noquyma detallar, issiqlik va elektr izolyatsiyasi materiallari va boshqalar. Bundan tashqari, Rezinatexnika sanoati korxonalarida avtomobillar va qishloq xo’jalik mashinalari shinalari tiklanadi, rezinali poyabzallar, rezina aralash gazmollar, sanitariya va gigiena anjomlari, sport buyumlari, o’yinchoqlar va boshqalar ishlab chiqariladi. Rezinatexnika sanoati mahsulotlari mashinasozlik, kimyo, kumir, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarida, transport va harbiy texnikada qo’llaniladi. O’zbekistonda bu tarmoqning ilk korxonasi Toshkent rezinatexnika mahsulotlari zavodi 1944 yilda ishga tushirildi va to’la quvvat bilan ishlay boshladi. Ilgari, asosan, rezina mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “O’zbekrezinatexnika” birlashmasi (1975) 1987 yildan xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishga o’tdi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng, Rezinatexnika sanoati korxonalari qayta jihozlanib, mashinasozlik korxonalariga butlovchi qismlar ishlab chiqarishga yo’naltirildi. 1992 yildan “O’zbekrezinatexnika” birlashmasida yengil avtomobil shinalarini tayyorlash o’zlashtirildi. 1996 yilda yiliga yengil avtomobil uchun 1,5 million dona, yuk avtomobillari uchun 200 ming dona shina ishlab chiqariladigan quvvatlar ishga tushirildi. Bundan tashqari, “O’zbekrezinatexnika” birlashmasi va kimyo sanoatining boshqa korxonalarida (Samarqand kimyo zavodi) kalishlar ishlab chiqarish 10 milliondan juftga yetkaziladi (1995). Shuningdek, bu tarmoq korxonalari respublika avtomobil sanoati uchun turli xildagi rezinatexnika mahsulotlari ishlab chiqaradi. Risqivoy Yoqubov.