Rizayev Tojiboy

Rizayev Tojiboy (1927.10.5 — Parkent tumani Zarkent qishlog’i — 2004.6.4) — qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi tashkilotchisi, usta bog’bon, O’zbekiston Qahramoni (2001), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jaligi xodimi (1991). Toshkent qishloq xo’jaligi instituti Agronomiya fakultetini tugatgan (1960). Mehnat faoliyatini 1942-50 yillarda jamoa xo’jaligida g’allachilik brigadasi boshlig’i bo’lib ishlashdan boshlagan. Toshkent shahridagi xo’jalik raislarini tayyorlash maktabi tinglovchisi (1950-53), Parkent tumanidagi Oxunboboyev nomli jamoa xo’jaligida hosilot (1953— 54), tuman partiya qo’mitasiyo’riqchisi (1954-56), jamoa xo’jaligi raisi muovini (1956-59), yuqori Chirchiq tumani partiya qo’mitasi kotibi (195960). 1960 yildan Parkent tumanidagi “Leninobod” jamoa xo’jaligi (hozirgi “Zarkent” shirkat xo’jaligi) boshqaruvi raisi. Rizayev tog’li mintaqalarda mo’l-ko’l bog’dorchilik mahsulotlari yetishtirish borasida o’ziga xos tajriba maktabini yaratdi. Rizayev rahbarligida shirkat xo’jaligi iqtisodiy baquvvat xo’jaliklardan biriga aylandi. Ko’p yillar davomida xo’jalikda tog’oldi zonasida lalmi va shartli sug’oriladigan erlarda tok maydonlari 730 gektarga, g’alla maydonlari 860 gektarga yetkazildi. Xo’jalik Respublikada lalmi g’allachilikda har gektar yerdan 18,7—20 tsentner bug’doy hosili olib, hosildorlik bo’yicha oldingi o’rinni egallaydi. Shirkat xo’jaligi qishlog’i to’la gazlashtirilgan, buloq suvi vodoprovodi, shaharlararo avtomat telefon stansiyasi, vino zdi qurilib, ishga tushirildi. “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlangan (1996).