Rojdestvenskiy Vladimir Leonidovich
Rojdestvenskiy Vladimir Leonidovich (1897, Vladimir shahri — 1949, Toshkent) — grafik rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1943). Rasm chizishni mustaqil o’rgangan. 1923 yildan O’zbekistonda. Gazeta va jurnallar (“Vokrug Sveta”, “Mushtum” jurnallari taxririyatlari)da rassom. Rojdestvenskiy yaratgan karikatura, hajviy asarlar, tarixiy mavzudagi lavhalar, plakatlar obrazlarining ta’sirchanligi, fikr ifodalashdagi aniqligi bilan diqqatga sazovar: “Hamza” turkumi (1939); “O’zbekiston” (30-yillar), “O’zbekiston o’tmishidan” (40-yillar) litografik turkumlari, plakatlari (“harbiy xizmatga chaqirilgan yigitning qasami”, “G’arbga bor, Bahodir”, 1942), 2-jahon urushiga bag’ishlangan avtolitografiya turkumlari (“jasorat”, 1942), rangtasvir asarlari va boshqalar. “Navoiy” (1939), “Mannon Uyg’ur”, “Abror Hidoyatov” (1944) kabi portretlarida ijodkorlarning Ilhom dunyosi ifodalangan.