Rojiy
Rojiy (taxallusi; asl ism-sharifi Idrisxo’ja Mahdum Buxoriy Nabiraxo’ja o’g’li) (1880 — Buxoro — 1919) — shoir va xattot. Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Yoshligidan she’rlar yozgan, xattotlik bilan shug’ullangan, qo’lyozma asarlarni kitobat qilgan. O’z davrida yashab ijod etgan shoir va xattotlar haqida ma’lumot beruvchi xattotlikka oid “Risolai xushnavison” asarini yaratgan. Sadr Ziyoning “Risolai xattoton” (“xattotlar risolasi”) asarida yozilishicha, Rojiy “Risolai xattotoni manzuma” (“xattotlar risolasi manzumasi”) asarini ham yozgan. 1907 yilda kitobat qilgan bayozi qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.