Rojiy Marg’iloniy

Rojiy Marg’iloniy (taxallusi; asl ism-sharifi Xo’jajon Xo’ja Nizomiddin Xo’ja o’g’li, 1834 — Marg’ilon — 1918) — shoir. Qo’qon va Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Xushxat va savodxon bo’lganligi uchun mirzalik qilgan. Shoirning adabiy merosi 10 ming misraga yaqin: ular g’azal, muxammas, masnaviy, muammo, ruboiy, tuyuq, qit’a, fard, tarix kabi adabiy janrlarda bitilgan. Rojiy lirik she’rlarida pok insoniy sevgini, olijanob fazilatni ulug’laydi, zulm va adolatsizlikdan noliydi. “Qozi saylov”, “saylov” hajviyalarida amaldorlarni, poraxo’r qozilarni tanqid qiladi, o’z davri saylovining mohiyatini ochib beradi. “Toy”, “toychoq” kabi masnaviylarida mustamlakachilik zulmi ostida qashshoqlashgan xalqning turmushini, ochlik, muhtojlik hukm surayotgan muhitni qoralaydi. Rojiy Dukchi eshon voqeasi haqida ham she’rlar yozgan. Hofiz, Jomiy, Alisher Navoiy, Bedil, Fuzuliy, Nodira va Furqat kabi shoirlarning g’azallariga nazira va taxmislar bitgan.