Roqim

Roqim (taxallusi; ismi noma’lum, 1742 — Xorazm — 1814/15) — shoir, xattot. Ijodda Navoiy va Fuzuliyga ergashgan. O’zbek va fors tillarida, mumtoz badiiyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilgan. An’anaviy ishqiy lirikasi va ijtimoiy masalalarga oid she’rlari ijodida muhim o’rin tutadi. Ularda davr kiyinchiliklari, jabr-zulmdan shikoyat an’anaviy ishqiy kayfiyatlar orqali ifodalangan, yor madhi turmushning ijtimoiy talqini bilan bog’langan, ishqiy norozilik esa ijtimoiy adolatsizlikdan shikoyat ma’nosini aks etgan. Roqimning bizgacha 1 devoni (6470 misra) va devonga kirmagan 30 muxammas, 6 g’azali yetib kelgan. Ko’plab muxammaslari Navoiy, Fuzuliy, Munis, Bedil, Ravnaq va boshqalarning g’azallariga bog’langan. Roqim Xorazm adabiy muhitida marsiyachilikka asos solgan. Marsiyalaridagi hasratlar Real insoniy kechinmalarga asoslangan, an’anaviy obraz va ifodadan qochib, yangi, hayotiy obrazlar yaratgan. Roqim nomalar ham yozgan, Munis devoni va b.ni husnixatda ko’chirgan. Devoni qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. №7576). As: tanlangan asarlar, T., 1965. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 3j., T., 1978.