Rossiya axborot telegraf agentligi
Rossiya axborot telegraf agentligi (RATA-TASS) — Rossiyaning Markaziy davlat axborot xizmati. 1904 yil Sankt-Peterburg telegraf agentligi (SPTA) nomi bilan tashkil etilgan. 1914 yildan Petrograd telegraf agentligi (PTA), 1918 yildan Rossiya telegraf agentligi (rosta), 1925 yildan Sovet Ittifoqi telegraf agentligi (TASS) deb atalgan. 1992 yil yanvarda uni Rossiya axborot telegraf agentligiga aylantirish vaqtida TASS nomi dunyoga tanilgani sababli RATA—TASS degan atama ma’qul topildi. Agentlikning 134 ta mintaqaviy markazi va bo’limi, 67 xorijiy mamlakatda muxbirlik bo’linmasi bor. Ular Rossiyaning turli joylarida va dunyoning hamma burchaklarida sodir bo’lgan voqealarni zudlik bilan Moskvada kechayu kunduz ishlaydigan Markaziy idoraga xabar qiladi, bu erdan xabarlar, fotosurat va grafik tasvirlar ommaviy axborot vositalariga tarqatiladi. Bundan tashqari, turli mavzularda tahliliy nashrlar, bukletlar, byulletenlar, ma’lumotnomalar tayyorlanib, obunachilarga yetkazib beriladi.