Rossiya-Buxoro shartnomalari

Rossiya-Buxoro shartnomalari — Rossiya imperiyasi bilan Buxoro amirligi o’rtasida 1868, 1873, 1885, 1894, 1900 yillarda tuzilgan shartnomalar. Bu shartnomalar podsho Rossiyasiga Buxoro amirligi hududidan har tomonlama foydalanish imkoniyatini bergan. 1868 yil 23 iyun sulh shartnomasi. Buxoro bilan Rossiya qo’shinlari o’rtasida bo’lgan Zirabuloq jangidan keyin Samarqandda imzolangan. Bu shartnomaga binoan, Xo’jand, O’ratepa, Jizzax, Samarqand va Kattaqo’rg’on shaharlaridan to Zirabuloqqacha bo’lgan Buxoro Amirligining yerlari Rossiyaga kiritildi va Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Zarafshon okrugi (keyinchalik Samarqand viloyati) tashkll qilindi. Buxoro amiri Muzaffar oltin hisobida 500 ming rubl harbiy tovon to’lagan va rus savdogarlariga amirliqda erkin savdosotiq qilish uchun qulay shart-sharoit yaratib berish majburiyatini olgan. Rus mollaridan ular qiymatining atigi 2,5% miqsorida boj oladigan bo’lgan. 1873 yil 28 sentabr shartnomasida Buxoro amirligi Rossiyaning protektorati (tobesi; homiyligi ostidagi hudud) deb e’lon qilingan. Zarafshon daryosining yuqori qismi — Sharqiy Buxoro (Badaxshon, Pomir)dagi ayrim viloyatlar qo’ldan ketgan; Amudaryoning chap sohilidagi yerlar esa (Balx, mozori Sharif, Shibirg’on, Qunduz va boshqalar) Afg’onistonga berilgan. Buxoroning xorijiy davlatlar bilan mustaqil aloqa yuritishi taqiqlangan. 1885 yil 25 iyul shartnomasida Buxoro amirligi hududidan temir yo’l o’tkazishga kelishilgan. Yo’l qurilishi uchun 6 ming desyatina yer ajratilib, rus ma’murlari ixtiyoriga topshirilgan. 1885 yil 12 noyabrda Buxoro amirligida “Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi” ta’sis qilingan. 1894 yil 27 may shartnomasi iqtisodiy xususiyatga ega bo’lib, unga ko’ra har yili 15 noyabrdan 10 martgacha Zarafshon daryosining suvi amirlik yerlariga to’liq, 10 iyundan 15 avgustgacha (dehqonchilik uchun suv eng kerak paytda) esa faqat 40% oqiziladigan bo’lgan.