Rostov-don
Rostov-don — Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1796 yildan), Rostov viloyati markazi. Yirik temir yo’l, shosse va havo yo’llari tuguni. Daryo porti. Don daryosi bo’yida, uning Azov dengiziga quyilish joyidan 46 kilometr uzoqlikda joylashgan. Aholisi 1020 ming kishi (1998). 7 tumanga bo’lingan. Rostov-don —yirik sanoat markazi. Asosiy sanoat tarmoqlari: mashinasozlik, shu jumladan, qishloq xo’jalik (“Rostselmash” ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalar), stanoksozlik, aviasozlik, elektrotexnika, radioelektron, kimyo, yengil (ko’npoyabzal, trikotaj birlashmasi, tikuvchilik fabrikalari), oziq- ovqat (tamaki, konditer fabrikalari, go’sht kombinatlari, vino zavodlari), yog’ochsozlik sanoatlari mavjud. Shaharda 9 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), konservatoriya, 4 teatr faoliyat ko’rsatadi. O’lkashunoslik, tasviriy san’at muzeylari bor. Rostov-donga 1749 yilda Temerniskaya bojxonasi va porti sifatida asos solingan. 1761 yilda Mitropolit Dmitriy Rostovskiy sharafiga “Rostovskaya” deb nomlangan qal’aning qurilishi boshlangan. 1806 yildan Rostov-don nomini olgan. 20-asr boshlarida Rostov-don hududiga Naxichevandon shahri (1778 yilda asos solingan) ham kiritilgan. 2-jahon urushi davrida shaharni 2 marta nemis fashistlari egallagan. 1943 yilda ozod qilingan.