ROTATSIYA
ROTATSIYA (lot. aylanma harakat) — hokimiyatning vakillik organlari tarkibini qisman (bosqichma-bosqich) yangilash. Parlament yoki parlament palatalari tarkibini ularning faoliyat muddati tamom bo’lishi munosabati bilan qisman yangilash (qayta saylash). Masalan, Fransiya parlamentining yuqori palatasi Senat 9 yil muddatga saylanib, har uch-yilda ularning 1/3 qismi yangilanib turadi. AQShda senatorlar 6 yil muddatga saylanadi, ammo har ikki yilda palata tarkibining 1/3 qismi yangilanadi. Xuddi shunday Hindiston parlamentining Shtatlar kengashi 6 yil muddatga saylanib, har ikki yilda ularning 1/3 qismi o’zgartirilib turiladi. Braziliya parlamenti Milliy kongressining yuqori palatasi – Federal senat a’zolari 8 yil muddatga saylanadilar, ammo har to’rt yilda avval 1/3 so’ngra 2/3 qismi yangilanib turadi. Yaponiya parlamentining yuqori palatasi – maslahatchilar palatasi 6 yil muddatga saylanib, har uch yilda palata tarkibining yarmi qayta saylanadilar. Bunda tabiiy ravishda vakolat muddati tamom bo’lgan parlament a‘zolarigina Rotatsiya qilinadi.