Ro’ziboyev Damir Solijonovich

Ro’ziboyev Damir Solijonovich (1939.16.4, Samarqand) — haykaltarosh, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1985). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1959). O’zbekiston badiiy fondining kulollik zavodi (1959— 61), san’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti (1961-65)da ishlagan; O’zbekiston Davlat san’at muzeyi direktori (1988— 97). Ro’ziboyev ijodiga o’zbek badiiy merosining ta’siri kuchli bo’lib, unda milliylik o’ziga xos tarzda namoyon bo’ldi (Navoiy shahri aerovokzali binosi devorlarini bezagan releflar, 1985). Ro’ziboyev portretlar (Beruniy siymosi tasvirlangan “mutafakkir” asari, shamot, 1979; “rassom V.Saviskiy”, bronza, 1980 va b.), xalq vakillari va turmushi tasvirlangan asarlar (“buvi va nevara”, shamot, 1975; “Sayramlik qiz”, shamot, 1978 va boshqalar) muallifidir. Ramziy obrazlar (jumladan, “Navro’z malikasi”, 2001 va boshqalar) hamda Semurg’qush tasviri Ro’ziboyev ijodida alohida o’rin tutadi: “to’y” (shamot, 1977), “xonanda” (shamot, 1982), “Musiqa” (bronza, 1988) va boshqalar.