Rubob
Rubob (Arabcha) — torli cholg’u musiqa asbobi. Noxun (mediator) bilan chertib chalinadi. O’rta asrdan Sharq (Eron, Afg’oniston, O’rta Osiyo) xalqlarida keng tarqalgan. Ba’zi olimlar fikriga ko’ra, qadimgi 2 torli kamonli rebabdan zamonaviy skripka yuzaga kelgan. Hozir, asosan, 3 xili mavjud: Qashqar Rubobi, afg’on (yoki Buxoro) Rubobi va Pomir Rubobi. Qashqar rubobining uzunligi 80-100 santimetr, cho’michsimon kosasi tut va boshqa qattiq daraxt g’o’lachalaridan o’yib yasaladi va ustiga teri qoplanadi. Dastasi uzun, uchi orqasiga qayrilgan bo’lib, kosadan boshlanadigan joyida Qo’chqor shoxiga o’xshash 2 ta gajagi mavjud. Dastasidagi pardalari (19 tadan 23 tagacha, oldin ichakdan, hozir metalldan qilinadi) xromatik tovushqatorni tashkil qiladi. Qashqar Rubobining 5 ta tori, odatda, kvartakvinta oralig’ida sozlanadi. Diapazoni 3 oktavaga yaqin. Tovushi jarangdor. Ijrochilikni o’zlashtirish birmuncha yengilligi, mohir Rubobchi — sozandalar (M. Mirzayev va boshqalar)ning yetishib chiqishi bu sozning 1940- yillardan O’zbekiston va Tojikistonda havaskor va professional sozandalar orasida ommaviylashuviga sabab bo’lgan. Qashqar Rubobining qayta ishlangan zamonaviy turi Rubob prima o’z imkoniyatlari bilan rus domrasiga yaqin, 4 metall tori Kvinta oralig’ida sozlanadi. Orkestrda va yakka soz sifatida ishlatiladi. O’zbek bastakorlaridan M. Mirzayev, sozandalaridan A. Boboxonov, N. Qulabdullayev, kompozitorlardan I. Xamroev, M. Bafoev va boshqalar. Qashqar Rubobi uchun turli janrlarda asarlar yaratishgan. Afg’on rubobining dastasi kalta (8-10 santimetr), uchi bir oz qayrilgan. Rezonatori nihoyatda katta (kengligi 20 santimetrgacha, chuqurligi 30 santimetrgacha, umumiy uzunligi 80 santimetrgacha). Korpusi bilan dastasi bir butun yog’och bo’lagidan o’yib ishlanadi. Korpusining o’rta qismining 2 yoni o’yilgan. Pastki qismi teri bilan, yuqorisi taxtacha bilan qoplanadi. Dastasiga, odatda, 4-5 ta asosiy parda, taxta qoplamasiga 6-7 ta qo’shimcha xas pardalar o’rnatiladi. Kvartaga sozlanadigan 5 ta asosiy tordan tashqari, yon quloqlarga tortilgan 10-11 yordamchi (aks sado beruvchi) torlari bor. 2 oktava diapazonidagi diatonik tovushkatoriga ega. Asosan, professional sozandalar tomonidan yakka soz sifatida va turli ansambllar tarkibida qo’llaniladi. Pomir rubobining kosasi Qashqar Rubobidan bir oz kattaroq, dastasi kaltaroq va yo’g’onroq bo’lib, unga pardalar bog’lanmaydi. Dastasi kosasi bilan bir butun yog’och bo’lagidan yo’niladi. Kosasining pastki qismi yupqa taxtacha bilan berkitiladi. Kvartakvinta oralig’ida sozlanadigan 5 ta asosiy torlaridan tashkari yon quloqqa bog’lanadigan tori bo’ladi. U baland sozlanib, ma’lum tasviriy vosita sifatida foydalaniladi.