Rudakiy Abu Abdullo Ja’far

Rudakiy Abu Abdullo Ja’far (858, hozirgi Tojikiston Respublikasi Panjakent tumani Panjrudak qishlog’i — 941) — fors-tojik shoiri. Fors-tojik she’riyati asoschilaridan biri. Yoshligidan she’riyat va musiqaga ixlos qo’ygan, adabiyotni, arab tilini o’rgangan. Zamonasining mashhur cholg’uchisi Abul Abbos Baxtiyordan musiqa bo’yicha ta’lim olgan; barbat, chang, ud, Rud kabi cholg’u asboblarini chalishni o’rgangan. Rudakiyning she’riyat va musiqadagi mahoratini eshitgan Buxoro hokimi Nasr ibn Ahmad Somoniy uni saroyga taklif etgan. Rudakiy Buxoroda vazir Abul Fazl Bal’amiy homiyligida ijod qilib, san’atda katta obro’ qozongan. Rudakiy 40 yil saroyda shoirlarga boshchilik qilgan. Uning tug’ma ko’r bo’lganligi haqida naqllar bor. Aslida saroydagi igvo va fitnalar tufayli dushmanlari Rudakiyning ko’zlariga mil tortib ko’r qilgan, mol-mulkini talab, o’zini Buxorodan badarg’a qilishga erishganlar. Qarigan chog’ida Rudakiy o’z qishlog’iga qaytib, faqirlikda umr kechirgan. Manbalarda Rudakiy she’riyati 100 000 baytdan iboratligi qayd etilgan. Lekin bizga qadar uning 1000 bayt asari (2 qasida, 50 ruboiy, she’r va dostonlari) yetib kelgan. Rudakiy Movarounnahrda o’z she’rlaridan devon tuzgan ilk shoir hisoblanadi. “Bo’i jo’i Mo’liyon oyad hame” (“Mo’liyon arig’ining isi kelmoqdadir”) misrasi bilan boshlanadigan g’azali unga favqulodda shuhrat keltirgan. Unga 120 shoir tazmin bitgan, lekin birortasi Rudakiy darajasiga ko’tarila olmagan. “Modari may” (“mayning onasi”) qasidasi ham mashhur. Rudakiy fors-tojik she’riyatining deyarli barcha shakllarini ishlab bergan. She’rlari g’azal, ruboiy, qasida, madhiya, marsiya, pandu hikmat, hasbi hol, mazammat, hajv hamda chistoy janrlarida yozilgan. “Sindbodnoma” (933), “Qarilikdan shikoyat” avtobiografik asarlari tuda holda, “Kalila va Dimna”, “davroni falak” va boshqa bir necha masnaviylaridan parchalar etib kelgan. Qadimgi manbalarda Rudakiyning “Aroisannafois” (“nafis kurtaklar”) dostoni bo’lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Rudakiy va uning izdoshlari forsiy she’riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar. Rudakiy aruzni chuqur o’rganib, uni xalq orasida keng tarqalgan qo’shiqlarga tatbiq qilish natijasida 9 ta yangi vaznlar kashf etgan. Ularning ko’pchiligi xalq qo’shiqlarining barmoq vaznlari asosida tuzilgan. Rudakiy ruboiylari janrning barcha talablariga javob beradigan dastlabki ruboiylardandir. Dunyoning tuzilishi, hayot hodisalari, inson fe’l-atvori, xatti-harakatlari haqida falsafiy xulosalar chiqarish, pand-nasihat shoir she’riyatining yetakchi xususiyati hisoblanadi. Rudakiy ishqu muhabbatni xam baland pardalarda kuylagan, dunyoviy sevgini ulug’lagan. U peyzaj lirikasining ham ustalaridan. Dunyo, zamon, inson mavzusi, turli illatlardan shikoyat motivlari ham Rudakiy ijodida, xususan, umrining oxirida yaratgan she’rlarida ko’p uchraydi. She’rlari Munirxon Muinzoda (1957) va Sh. Shomuhamedov (1988, 1994) tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan. Shoir haqida “Rudakiy” dramasi va “shoirning qismati” kinofilmi yaratilgan. Rudakiy nomida Tojikiston Davlat mukofoti ta’sis etilgan. As: Rudakiy, T., 1957; injular Ummoni, T., 1988. Ad., Abdurahmon Jomiy, Bahoriston, T., 1997; Davlatshoh Samarqandiy, Shoirlar bo’stoni, T., 1981; Ayniy S, Asarlar, 8j., T., 1967; Shomuhamedov Sh., Odamiylik inshosi, T., 1984. Ergash Ochilov.