Ruh
Ruh (Arabcha — jon) — g’ayrimoddiy asosni anglatuvchi tushuncha. Inson va hayvonlar tanasida yashovchi, uyqu va o’lgan paytda tanani qisman yoki butunlay tark etuvchi o’ziga xos kuch. Ruh tushunchasining talqini tarixan o’zgarib borgan. Yunon falsafasida Ruh olam asosida yotuvchi pnevma, nus (aql), Logos deb tushunilgan. Aristotel “nus”ni tartibsiz materiyani shakllantiruvchi kuch deb bilgan. O’rta asr mutafakkirlari Ruhni tabiatdan oldin mavjud bo’lgan va uni yaratuvchi kuch deb hisoblaganlar. Forobiy, Ibn Sino, G’azoliy va boshqa faylasuf, mutafakkirlar Ruhni turlicha talqin qilishgan. Forobiy Ruhni bir tanadan ikkinchi tanaga ko’chib yurishini rad etgan. Sharq tabiblari Ruhni “latif bug'” deb tushunishgan. Materialistik falsafaga ko’ra, Ruh deganda yuqori darajada uyushgan materiyaning mahsuli deb qaraluvchi ong, tafakkur tushuniladi, materiyaga nisbatan ikkilamchi hisoblanadi. Idealistik falsfaga ko’ra, Ruh deganda materiyaga nisbatan birlamchi deb hisoblanadigan va butun borliqning negizini tashkil etgan g’ayrimoddiy asos, iloxiy kuch tushuniladi. I. Kant Ruhni g’oya sifatida, Gegel borliqni dunyoviy Ruhning rivojlanish bosqichlari sifatida karaydi. Ruh idealistik ta’limotlarda Markaziy o’rin tutib, tushuncha (panlogizm), substantsiya (panteizm), shaxs (teizm) sifatida namoyon bo’ladi. Xristianlikda “muqaddas Ruh” — muqaddas uchlikdagi 3-shaxs. Diniy tushunchaga ko’ra, Ruh — kishi hayotida u bilan birga, vafotidan keyin esa, tanadan chiqib abadiy qoladigan ko’zga ko’rinmas narsa. Ba’zi ulamolar Ruhni qon, boshqalari nafas deb hisoblaydi. Ayrimlari esa, Ruhni latif va nafis havodan iborat deb, uni moddiy narsalar qatoriga qo’yadi. Qur’onga ko’ra, Alloh odamzodni yaratmasdan oldinroq qiyomatga qadar keladigan odamlarning Ruhlarini paydo qilgan. Islom dinida Ruhning mohiyati haqida bahs yuritish man etiladi. Qur’onda (alisro surasi, 85-oyat) Ruh Allohning ilmiga havola etiladigan sir ekani, Ruh to’g’risida odamlar juda oz ma’lumotga ega ekanliklari ta’kidlangan. Kuchma ma’noda — insonning ichki holati, his-tuyg’ulari, kayfiyati. Shuningdek, ish-harakat, voqea va hodisalarning kechishidagi belgili xususiyatni ham anglatadi. Masalan, zamon Ruhi, qonun Ruhi, ta’limot Ruhi va boshqalar.