Rumiy Jaloliddin
Rumiy Jaloliddin (1207, Balx — 1273, Ko’nya) — shoir va mutafakkir. Tasavvufdagi mavlaviya tariqatining asoschisi. Arab, fors va turkiy tillarida ijod qilgan. Otasi Bahouddin Valad Sufiylar va fiqh donishmandi bo’lgan. Shu bois ham Sulton Muhammad Xorazmshoh (1199-1220) saroyga taklif etgan. Pekin Valad uning taklifini rad etib, maktabdorlik hamda ilmiyijodiy ish bilan mashg’ul bo’lgan. Xorazmshoh bilan kelisholmagan Valad haj safari bahonasida oilasi bilan Balx shahrini tark etgan. Rumiy Makka yo’lida Farididdin Attor bilan uchrashgan. 1220 yil Rum sultoni Alouddin Kayqubod I ning da’vati bilan Ko’nya (Kichik Osiyo) ga kelgan. Rumiy Halab, Damashq va Bag’dod madrasalarida o’qigan, mudarrislik qilgan. Rumiy shaxsiyati kamolotida shoir va Shayx Shamsi Tabriziyning o’rni katta. U 3 yil Rumiyga dars beradi: falsafa, xususan, sufiylik ta’limotini o’rgatadi. Shoirning o’zi ham bir baytida “Agar Attor menga ruh baxsh etgan bo’lsa, Shamsi Tabriziy tilsim kalitini tutqazdi”, degan. 1244 yil Rumiy ustozini nihoyatda hurmat qilgani uchun o’z g’azallarida “Shamsi Tabriziy”, “Shamsi” taxalluslarini qo’llay boshlagan. Shoir g’azallarining “Shamsi Tabriziy devoni” nomi bilan shuhrat qozonishining boisi ham shunda [42 ming baytli “Devoni Kabir” (“ulug’ devon”)ning ikkinchi nomi “Devoni Shamsi Tabriziy”]. Rumiy ijodi Usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi. Rumiydan she’rlar devoni, “Makotib”, “Ichindagi ichindadir” (“Fihi mo fihi”) hamda “Masnaviyi ma’naviy” kitoblari meros bo’lib qolgan. “Ichindagi ichindadir” nasriy asar bo’lib, olimning turli majlis va suhbatlardagi falsafiy nutqlarining majmuasidir. “Makotib” esa, muallifning zamondoshlari va ustozlari bilan bo’lgan turli yozishmalari — maktublaridan iborat. Har 2 asarda muallifning ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-ta’limiy mushohadalari, tasavvufga doir nazariy qarashlari o’z ifodasini topgan. Shoir devoni turli janrlardan iborat 25 ming baytdan ziyod she’rlarni o’z ichiga olgan. Rumiy she’riyati, asosan, ilohiy ishq bilan bog’langan. U o’zining barcha asarlarida yeru ko’kning sohibi bo’lmish Alloh va uning zamindagi xalifasi Hazrati insonni ulug’laydi. Rumiyning mashhur asari “Masnaviyi ma’naviy”dir. Asarda Qur’oni Karim va hadisi sharif ma’nolarini o’ziga singdirgan, inson hayoti bilan bog’liq barcha masalalar badiiy yo’sinda bayon etilgan. 6 jild (daftar)dan iborat asarning dastlabki qismlarini adibning shogirdi Hisomiddin Chalabiy ustozi og’zidan yozib olib, taxlildan o’tkazgan. Chalabiy vafotidan so’ng muallif asarning davomini 10 yilda yozib tugatadi. Qur’oni Karim oyatlarining 70 foizi mohiyatini o’zida mujassamlashtirgan, 270 dan ziyod hikoyalarni, yuzlab pandu hikmatlarni o’z ichiga olgan bu kitob o’z vaqtida va keyinchalik ham yozuvchi nomining dunyoga keng tarqalishiga sabab bo’lgan. Chunki Rumiy masnaviyda o’zigacha bo’lgan Sharqu G’arb donishmandlarining falsafiy qarashlarini, Islomiy farzlarni sodda bir uslubda, she’riy yo’l bilan badiiy ifodalagan. Agar Rumiy “Har ertalab bemorlar shifo tilab Iso alayhissalom eshigiga borishgani”, “Lochinning o’rdaklarni sahroga chiqargani”, “Zarvon ahli qissasi”, “Majnun Layli ko’yida yurgan itni o’pib, erkalagani”, “bo’yoqchining xumiga tushgan shaqalning tovuslik da’vo etgani”, “xorut va Morut qissasi” singari qissa va hikoyalarida payg’ambarlar hayotidan turli mo”jizalar keltirib, Islomiy-tasavvufiy g’oyalarni targ’ib etgan bo’lsa, boshqa turkum hikoyalarida bevosita insonning kundalik turmushi, ilm-ma’rifat kasb etishi, hunar o’rganish yo’lidagi riyozatlarini badiiy tasvirlab, chuqur falsafiy xulosa chiqarishga undagan. Rumiy ijodi yuksak badiiyati b-ngina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir kuchiga ega. Uning tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy o’sish, o’zgarishda ekani, eskining yo’qolib, yangining paydo bo’lishi — “dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi”dan iboratligi to’g’risidagi qarashlari, nemis faylasufi Gegelning e’tiroficha, uning dialektik metodni yaratishiga yordam bergan. Rumiy asarlari ko’pchilik forsigo’y va turkigo’y shoirlar ijodiga katta ta’sir ko’rsatgan, masnaviyxonlik xalqimiz o’rtasida keng tarqalgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari saqlanadi. Istikdol yillarida Rumiy hayoti va ijodiga qiziqish yanada kuchaydi. Sh. Shomuhamedov, A. Mahkam va b. shoirning turli janrdagi she’rlaridan namunalarni o’zbek tiliga tarjima qilishdi. Shoir Jamol Kamol “Masnaviyi ma’naviy” tarjimasini nihoyasiga yetkazdi, 6 kitobdan iborat bu yirik asarning 4 jildi bosilib chiqdi (2002, 2003). “Ichindagi ichindadir” asari ham o’zbek o’quvchilarining ma’naviy mulkiga aylangan. As: uchmoqqa qanot yo’q vale uchgayman [rivoyatlar va ruboiylar], T., 1994; Injular ummoni, T., 1988; Ichindagi ichindadir, T., 1997; Ishq daftari [ruboiylar], T., 2000; Masnaviyi ma’naviy [6 j.li], 1—4j.lar, T., 20022003. Ad.: Fish R., Jaloliddin Rumiy, T., 1986; Jumaev R., Mavlono Jaloliddin Rumiy, T., 2003. Hamidjon Homidov, Ergash Ochilov.