Rustam Mirzo

Rustam Mirzo (13811424) — temuriylardan. Umarshayx Mirzoning 2-o’g’li. Iroq va Fors hukmdori (1414— 24). 1403 yil Amir Temur Rustam Mirzoga Isfahon hukmronligini bergan. 1406 yilda u akasi Pirmuhammad Mirzo Sheroziy (1379— 1410) va Umar Mirzo bilan birgalikda Abubakr Mirzoga qarshi urush qilgan. Xarbura mavzeida bo’lgan bu jangda uning qo’shini mag’lubiyatga uchraydi. Keyinchalik aka-ukalar o’rtasida paydo bo’lgan ixtilofga Rustam Mirzoning beklaridan Amir Sayd Barlos o’z “hissasi”ni qo’shgan. Rustam Mirzo ukasi Iskandar Mirzo bilan ittifoq tuzib, akasi Pirmuhammad Mirzoga qarshi urush harakatlarini boshlaydi. Biroq tezda u Iskandar Mirzo bilan ham ixtilofga boradi va jangda mag’lubiyatga uchrab (1410), qora Yusuf Turkman huzuriga yordam so’rab ketadi. 1412 yilda u Tabriz orqali Isfahon, so’ngra Hirotga kelgan. 1414 y. Shohrux uni Iskandar Mirzo o’rniga Iroq va Fors hukmdori qilib tayinlaydi. Fursatni g’animat bilgan Rustam Mirzo o’z ukasi Iskandar Mirzoning 2 ko’ziga mil torttirib, ko’r qiladi va keyinchalik qatl qildiradi (1415 yil iyun). Rustam Mirzoning 2 o’g’li bo’lib, ular otasi tirikligida vafot etishgan. Manba. Abdurazzoq Samarqandiy, Matlai sa’dayn va majmai Bahrayn, T., 1969. Ad.: Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.