Rusudana
Rusudana — Gruziya malikasi (1222-45). Malika Tamara (1184— 1213) ning qizi. Rusudana Gruziyaning 6-salib yurishida qatnashishi xususida Rim papasi bilan kelishib olgandi, lekin bu rejani amalga oshishiga 1225 yilda Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi boshchiligidagi qo’shinning Gruziyaga kirib kelishi xalaqit bergan. Jaloliddin Rusudanaga kishi yuborib, unga uylanmoqchi ekanligini, o’zini podshoh deb tan olishlarini hamda birgalikda mo’g’ullarga qarshi kurashishlari lozimligini bildiradi. Nasaviyning yozishicha, Rusudana Jaloliddin nasroniy diniga o’tsagina uning taklifini qabul qilajagini shart qilib qo’yadi. Xorazmshoh bu shartni qat’iyan rad etgan va jangni boshlab yuborgan. U Sharqiy Gruziyani 1225 yilda zabt etgan. Mo’g’ullar istilosi davrida Rusudana mo’g’ul qooniga tobe bo’lgan (1235). Gruziya o’lpon to’lab, mo’g’ullarning harbiy yurishlarida qo’shin yuborish majburiyatini olgan.