Rux qotishmalari

Rux qotishmalari — asosiy qismi ruxdan iborat bo’lgan qotishmalar. Tarkibida qo’shilmalar sifatida alyuminiy, mis va magniy bo’lgan Rux qotishmalari muhim sanoat ahamiyatiga ega. Rux-alyuminiy va rux-alyuminiymis sistemalari asosidagi Rux qotishmalari tarkibida alyuminiy 3,5 dan 22% gacha, magniy 0,02 dan 2% gacha; ularda rqattiq eritma (juda oz miqdordagi alyuminiyning ruxdagi qattiq eritmasi) bilan aqattiq eritma (ruxning alyuminiydagi qattiq eritmasi) hosil bo’lishi mumkin. Ruxmis sistemasi asosida sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan L60 (mis 60%, rux 40%) va L15 (mis 85%, rux 15%) rusumli jezlar olinadi. Ruxalyuminiy sistemasi asosidagi Rux qotishmalarining mexanik xossalari ruxmis sistemasidagi qotishmalarnikidan yuqoriroq. Tarkibi 22% alyuminiy va 78% ruxdan iborat qotishma o’ta plastiklik xususiyatiga ega. Bu qotishma yuk ta’sirida 1000% gacha cho’zilishi mumkin. Boshqa oddiy metall materiallarga nisbatan bu ko’rsatkich 20-50 marta ortiq. Undan tayyorlangan listlarga past (260— 270°) temperaturalarda osonlikcha ishlov berib, turli shaklli buyumlar olish mumkin. Ruxalyuminiymis sistemasidagi qotishmalar ruxning eng puxta qotishmalaridir. Rux qotishmalariga qo’rg’oshin, qalay va kadmiy salbiy ta’sir etadi, chunki ular rux bilan past temperaturalarda suyuqlanadigan evtektik tarkiblar hosil qilib, qotishma zarralari chegarasida joylashadi. Juda oz miqdordagi temir ham Rux qotishmalari qattiqligini va mo’rtligini oshiradi, ularga ishlov berilishini qiyinlashtiradi. Yuqori sifatli Rux qotishmalari tarkibidagi qalay, qo’rg’oshin, kadmiy va temirning miqdori tegishlicha: 0,005, 0,01, 0,005 va 0,1% dan oshmasligi zarur. Sanoatda TSA15, SM1, TSAM024, TSAM25, TSAM41, TSAM102, TSAM105 rusumli Rux qotishmalari ishlatiladi. (Ts harfi qotishmalardagi ruxni, A. alyuminiyni, M misni, raqamlar esa alyuminiy va misning % hisobidagi miqdorini ko’rsatadi). Rux qotishmalari oson suyuqlanadigan va suyuq holatda yaxshi oquvchan bo’lganligidan karbyuratorlar, nasoslar, podshipniklar qismlari va boshqa turli murakkab shaklli detallarni bosim ostida quyishda, shuningdek, bezak buyumlar tayyorlashda qo’llaniladi.