SABAB VA OQIBAT
SABAB VA OQIBAT — narsa va hodisalar o’rtasidagi umumiy zaruriy aloqani ifodalovchi tushunchalar. Hodisalar zanjirida o’zidan boshqa yana bir hodisani keltirib chiqaradigani sabab paydo bo’lgan hodisa esa oqibat deyiladi. Sabab va oqibat o’rtasidagi aloqadorlik sababiyat sanaladi. Sabab, birinchidan, vaqt jihatdan oqibatdan oldin keladi, ikkinchidan, oqibatni tug’diruvchi, ya’ni oqibatning vujudga kelishida zaruriy shart bo’lib xizmat qiladi. Masalan, farzandning sababchisi ota-ona. Farzand ota-onadan ilgari dunyoga kelishi mumkin emas, ya’ni ota-ona shu farzandning vujudga kelishidagi zaruriy shart hisoblanadi. Sabablar turli ko’rinish, shakl va holatlarda namoyon bo’lishi mumkin. Falsafa tarixida narsa va hodisalar o’zaro sababiy bog’lanishda deb biluvchilar deterministlar, buni inkor etuvchilar indeterministlar deb ataladi. Sababning asosiy va asosiy bo’lmagan, tashki va ichki, ob’yektiv va sub’yektiv shakllari bor. Sabab oqibatni vujudga keltirganidek, oqibat ham sababga ta’sir ko’rsatishi mumkin. Sabab va oqibat aloqadorligi bo’yicha Aristotel, Forobiy, Ibn Sinolar maxsus asarlar yozishgan. Diniy ta’limotlarda esa, birlamchi sabab yoki hamma narsaning sababchisi Xudo deb ta’kidlanadi.