SABZA

SABZA — oq kishmish navli uzumdan tayyorlanadigan mayiz. Rangi sarg’imtiroch yashil tusda bo’lgani uchun shunday nom olgan. Sabza olish uchun uzum boshlari Savatga solinib, qaynab turgan 0,3—0,4% li ishqor (kaustik soda) eritmasiga 3-5 sekund botirib olinadi va somonli loy bilan suvalgan xirmonda 10-12 kun davomida quritiladi. Sabzaning tillarang turini tayyorlashda ishqor eritmasiga botirib olingan uzum boshlari taxta patnislarga bir qator terilib, maxsus dudlash xonasi (shkafi)da oltingugurt dudi bilan ishlov beriladi, so’ngra 15-18 ta patnis ustma-ust taxlanadi, quritish soya joyda (bostirma ostida) 14-24 kun davom etadi. Mayiz chiqishi 28-32% ni tashkil etadi. Asosan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida tayyorlanadi.