Safforiylar davlati
Safforiylar davlati-Eronda safforiylar sulolasi hukmronlik qilgan feodal davlat. Asoschisi seyistonlik dehqon Yoqub ibn Lays as-Saffor (867-879). Yoqub ibn Lays Arab xalifaligi tomonidan Xurosondagi xalq qo’zg’olonlarini bostirish uchun tuzilgan ko’ng’illi “g’oziylar” otryadiga qo’shildi. Qo’zg’olon bostirilgach, g’oziylar xalifalikka qarshi chiqib, Seyistonda Yoqub ibn Laysni amir qilib ko’tardilar. 873 yili Yoqub ibn Lays tohiriylarga qarshi urush olib borib, Janubiy va Sharqiy Eron bilan birga Afg’onistonni Safforiylar davlatiga qo’shib oldi. Bog’dodga xalifa Mutamid (870-892)ga qarshi lashkar tortib bordi, lekin mag’lubiyatga uchrab, o’z davlatining bir qismidan mahrum bo’ldi. Uning o’limidan so’ng Xuroson va Seyistonda hokimiyat Amr ibn Laysga o’tdi (879-900). U o’zini xalifaning Xuroson va Seyistondagi noibi deb ataydi. Safforiylar davlati 900-908 yillar orasida Somoniylar davlatiga qo’shib olindi.