Samarqand – XIV-XV asrlar Movarounnahrda ilmiy tafakkurning markazi
O’rta Osiyo xalqlarining madaniyati o’z rivojlanish tarixida mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. Bu madaniyat murakkab sharoitda: ajnabiy bosqinchilarning tez-tez bo’lib turgan va ko’pgina madaniyat boyliklarini nobud qilgan hujumlari, deyarli uzluksiz bo’lib turgan o’zaro urushlar, mehnatkashlarning mahalliy va ajnabiy ekpluatatorlarga qarshi olib borgan kurashi jarayonida rivojlandi. Xalqning asrlar davomida vujudga keltirgan buyuk ijodi-moddiy madaniyat boyliklari ba’zan xarobazorga va kultepaga aylandi, juda oz miqdorda saqlanib qolganlarigina yangidan madaniyat kurtaklari yoza boshladi. Xalqning eng yaxshi farzandlari ularni ardoqlab o’stirdilar, ijod qildilar, o’z o’tmishdoshlarning progressive an’analarini davom ettirdilar.
Temur davlatining tashkil topish jarayonini tasvirlash bizning vazifamizga kirmaydi. Faqat shu narsani ta’kidlab o’tish kerakki, Temur davlatining tashkil bo’lishiga asosan shundan oldin uzoq vaqt davom etgan sinfiy kurash, uning keskinlashuvi, shuningdek, hukmron sinf – feodallar o’rtasidagi isyonlar yordam berdi.
Jahondagi eng qadimiy shaharlardan biri bo’lgan Samarqand Sharqda yirik savdo markazi sifatida mashhur edi. Hindiston, Xitoy, Eron va Sharqiy Yevropa bilan bo’lgan savdo munosabatlari Samarqandning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o’ynadi.
Temur o’z poytaxtiga muhim siyosiy ahamiyat berib, uni go’zal va ulug’vor shahar qilishga intildi. Lekin u ruhoniylarning juda katta ta’sirini nazarda tutdi, bu esa qurilishning asosiy yo’nalishini belgilab berdi.
Temuriylar hukmronlik qilgan davr muhtojlikda kun kechirgan xalq ommasini ayovsiz ezish davri edi.
Yer va suvga egalik qilish huquqi ham mansabli, ham mansabsiz feodal zodagonlariga mansub edi. Shuning uchun ham katta yer egaligi feodallarning moddiy bazasini tashkil qilardi. Yer odatda feodal hokimiyati namoyandalariga “suyurg’ol” sifatida merosiy mulk qilib berilardi.
Feodal mulkdorlar ko’p soliqlar va mehnat majburiyatlari bilan dehqonlarni shafqatsiz ekspluatatsiya qilardi; jumladan, mehnatkash dehqonlar butun hosilning 0,4 qismigacha “xiroj” tariqasida xazinaga topshirishga majbur edi.
Temurning juda katta feodal davlati “Sohibqiron” – “Zamon hukmdori”ning qattiqqo’lligi tufayligina saqlanib tutardi. Temur hukmdorligining tashqi dabdabasi va go’zalligi uning ichdan zil ketayotgan sinfiy qarama-qarshiliklarini yashirib turardi, chunki mamlakat ichida jamiyatning turli tabaqalari o’rtasida kurash qizg’in tus olgan edi.
Temur 1405 yil fevral yurishlardan birida kasal bo’ladi va O’tror shahrida vafot etadi. Uning o’limidan keyin hokimiyat uchun kurash boshlanadi va to’rt yil davom etadi. Bu kurashda Temurning o’g’li Shohruh g’olib chiqadi. U ikkita mustaqil davlat: markazi Hirotda bo’lgan Xuroson davlati, unga Shohruhning o’zi boshchilik qiladi va markazi Samarqand bo’lgan Movarounnahr davlatini tuzadi va unga Shohruhning o’g’li Ulug’bek sulton qilib tayinlanadi.
Ulug’bek hukmronlik qilgan davrdagi yurishlar qisqa muddatli bo’lib, Temur zamonidagi yurishlari nisbatan butunlay boshqacha xarakterda edi: ba’zi hollarni istisno qilganda, bunday yurishlar juda zararli bo’lgan, urushqoq qo’shinlari tomonidan xavf tug’ilgan taqdirgagina amalga oshirilar edi.
So’nggi marta u 1427 yilda shahzoda Buroqqa qarshi yurishga otlandi. Shahzoda asossiz ravishda Sirdaryogacha bo’lgan yerlarga egalik qilishni da’vo qilib chiqdi. Shundan keyin Ulug’bek yigirma yil mobaynida, hatto, Sirdaryo yoki Mo’g’uliston tomonidan u hukmronlik qilayotgan davlat chegarasiga bostirib kirgan vaqtda ham biror marta harbiy yurish qilmadi. Ulug’bek davrida harbiy yurishlar juda oz bo’lib, hammasini birga qo’shib hisoblaganda ikki yil va ko’pi bilan uch yildan oshmaydi. Qolgan vaqtlarda Ulug’bek harbiy ishlar bilan shug’ullanmay, fanga berildi.
Ulug’bek boshqa ko’pgina hokimlardan farqli o’laroq davlat arbobi sifatida emas, balki asl olim sifatida ajralib turar edi. Buning ustiga Ulug’bekning fan bilan qiziqizishi uning davlat faoliyatiga ma’lum darajada salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Ulug’bek davrida qurilish ishlari rivojlana bordi; bir tomondan, yangi-yangi imoratlar qad ko’tardi, ikkinchi tomondan, ungacha boshlang’ich qurilishlar nihoyasiga yetkazildi. Ulug’bek o’z dushmanlarini uzil-kesil tinchitib ulgurmasida, 1417 yildayoq uning farmoniga binoan Buxoroda, Samarqandda (1420 yil) va G’ijduvonda (1432-1433 yillar) madrasalar, Marvda diniy mahkamalr (Abdurazzoq) qurildi. Ulug’bek madrasasining yonida sultonning amri bilan katta hammom bunyod etildi. Samarqandda mashhur rasadxona qad ko’tardiki, bu haqda keyinroq batafsil gapirib beramiz. Bibixonim masjidi, Go’ri Amir maqbarasi qurilishi tugallandi, Shohizinda ansambli poyoniga yetkazildi.
Ulug’bek shaxsiy hayotida ham, siyosiy faoliyatida ham islom dini aqidalariga yopishib olgan o’z otasi Shohruxdan tamomila boshqacha yo’l tutgan. Shohruh Hirotda din peshvolari bilan o’ralashib qolgan, har haftaning juma kuni muntazam ravishda masjidga borib nomoz o’qigan, man etilgan bazmlarni qattiq ta’qib qilgan bir sharoitda, Ulug’bek Samarqandda olimlar va shoirlar doirasida bo’lib, ko’pincha din aqidalariga zid ishlar qilar edi.
Shunday qilib, Ulug’bekning faoliyati uning o’tmishdoshlari faoliyatidan ko’p jihatdan farq qilar edi va, shubhasiz, bu hol o’sha zamonda, ayniqsa, fan sohasida progressiv rol o’ynadi.
Ulug’ Navoiy bunday degan edi: “… Ulug’bekning butun qarindosh-urug’lari vafot etib ketdi. Bizning zamonamizda ularni kim eslayapti? Ammo Ulug’bek fanga qo’l uzatib, ko’pgina narsalarga erishdi”. Darhaqiqat, bizning davrimizda, masalan, uning otasi Shohruxni kim eslaydi? Hatto olimlarning asarlari bag’ishlangan hokimlarning nomlari ham tez orada unutilib ketdi.
Fanga bo’lgan zo’r muhabbati, katta qobiliyati va mehnatsevarligi tufayligina Ulug’bek astronomiya maktabining asoschisi va rahbari sifatida ajoyib muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Bu maktab butun dunyoda hamma tomonidan e’tirof etildi, shuhratga sazovor bo’ldi.
Zo’r qobiliyat, o’tkir xotira va asta-sekin bilimlarni to’plash shunga olib keldiki, Ulug’bekda fanga qiziqish va intilish rivojlana bordi. Ulug’bek bilimlarini tinmay chuqurlashtirishi va o’z ustida muntazam ravishda ishlashi natijasida o’zining ko’pgina zamondoshlaridan o’zib ketdi. Shunday qilib, oldin o’tgan ajdodlar – O’rta Osiyodagi qadimgi xalqlarning madaniy merosi Ulug’bek bilimlarining asosiy manbai bo’ldi.
O’sha davrda aniq fanlarning rivojlanishi, ana shu sohaga oid ajoyib asarlarning yozilishi va nihoyat, buyuk astronomlar va matematiklar bilan yaqin munosabatda bo’lishi Ulug’bek ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishini belgilab berdi.
Ulug’bek zamonasida “Solnomalar qaymog’i” nomli ajoyib asarning avtori tarixchi Lutfulla Hofizi Abro’ (1431 yilda vafot etgan), falsafiy tasavvuf xarakteridagi “At-tarifati Jurjoniy” risolasining muallifi Ali ibn Muhammad Jurjoniy (1413 yilda vafot etgan), mashhur medik Mavlono Nafis, lirik shoirlardan Sirojiddin Bisotiy Samarqandiy (1412 yilda vafot etgan), Xayoliy Buxoriy (1449 yilda vafot etgan), 1409-1410 yillarda yozilgan “Yusuf va Zulayho” dostonining muallifi Badaxshiy Durbek, qasida jarining asoschisi Sakkokiy (1465 yoki 1468 yilda vafot etgan) va boshqa fan, adabiyot va san’at namoyandalari yashab ijod qildilar. Mashhur xattotlar Abdurahmon Xorazmiy va uning o’g’illari Abdurahim va Abdulkarimlar Samarqandda yashadilar. Ular xusnixat san’atining ajoyib turlarini va yangi shakllarini yaratdilarki, bular hozirgi kunda ham qadimiy yodgorliklarni bezab turibdi (qo’lyozmalar yog’ochga, marmarga, metallga o’yib yozilgan xatlar va hokazo).
Ikkinchi tomondan, reaktsion ruhoniylar tarafidan ta’qib qilingan fan va madaniyat arboblari o’zlarining progressiv g’oyalarini ochiq-oydin aytishdan qo’rqdilar. Biroq o’zbek xalqinign ilg’or namoyandalari har qanday qiyinchiliklarga qaramay, haqiqat uchun kurashdilar, ishladilar va ijod qildilar, jahon fani va madaniyati xazinasiga o’z hissalarini qo’shdilar.
Ulug’bek o’zini ilmiy ishga bag’sihlab va o’z imkoniyatlaridan foydalanib, Samarqandda madrasa qurdirdi, bu madrasa Ulug’bekning katta harakati tufayli o’z davrining ilg’or oliy o’quv yurti sifatidagina emas, balki ilmiy muassasa sifatida ham shuhrat qozondi.
Adabiyot, san’at va fan namoyandalari Ulug’bek atrofiga to’plangan edi. Ular orasida astronomlar yetakchi, faxrli o’rin egallardi. Ulug’bekning faol ishtiroki bilan va uning rahbarligi ostida ilmiy ish muvaffaqiyatli rivojlandi. Astronomiya bilan muntazam shug’ullanish muqarrar suratda tegishli kuzatishlarga hamda aftidan astrolyabiya, parallaktik chizgilar, quyosh soati va boshqa shu kabi asboblar yordamida eng soda astronomic o’lchovlarga olib keldiki, bu esa rasadxona qurish uchun zarur zamin bo’ldi.
Ulug’bek madrasa qurgandan keyin unda ta’lim beradigan olimlarni o’zi tanladi. Ulug’bek avval olimlar bilan suhbatlashib, ularning ilmiy malakasi yetarli ekanligiga ishonch hosil qilgach, ishga tayinladi. Jumladan, “madrasa binosi bitishga yaqinlashganda, u yerdagi odamlar Ulug’bekdan madrasaga kimni mudarris qilib tayinlamoqchisiz, deb so’raganda, Ulug’bek, barcha fanlardan xabardor bo’lgan biror odamni qidirib topaman, deb javob bergan. Shu yerda g’ishtlar orasida iflos kiyimda o’tirgan mavlono Muhammad Ulug’bekning bu gapini eshitib qolgan va shu onda o’rnidan turib, bu vazifaga men loyiqman, degan. Shundan keyin Ulug’bek uni imtihon qila boshlab, uning chinakam bilimdon odam ekanligiga ishonch hosil qilgan va uni hammomda yuvintirib, yaxshi kiyintirish to’g’risida buyruq bergan. Madrasaning ochilish kunida mavlono Muhammad mudarris sifatida leksiya o’qigan; mavlono Muhammadning olimlardan 90 kishi ishtirokida qilgan leksiyasini Ulug’bek bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim tushuna olmagan”.
Bu yerda tilga olingan Qozizoda Rumiy (Salohiddin Musa bin Mahmud) mashhur matematik va astronomdir. U Ulug’bek madrasasining dastlabki mudarrislaridan biri edi. G’oyat bilimli bo’lgan bu olimni zamondoshlari “O’z davrining Aflotuni” deb ataganlar. U Samarqandda dafn etilgan bo’lib, Qozizodaga yuksak baho bergan Ulug’bekning farmoniga ko’ra, uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Bu maqbara Shohizinda maqbaralari yaqinida joylashgan.
Ulug’bek maktabi tarixida muhim rol o’ynagan boshqa yirik matematik va astronomlardan biri G’iyosuddin Jamshid ibn Ma’sud edi. U 1416 yildayoq astronomic asboblar to’g’risida risola yozgan edi. Bu asboblarning ko’pidan Ulug’bek rasadxonasida foydalanilgan. Biz bu haqda keyinroq gapiramiz. U matematika va astronomiyaga oid bir qancha asarlarning avtori hamdir.
Ulug’bek maktabida ish olib borgan Muiniddin, uning o’g’li Mansur Koshiy va Koshiyning shogirdi, Ulug’bek asarlarining sharhchisi Ali ibn Muhammad Birjondiylar ham taniqli astronomlar bo’lgan.
Ulug’bek asarlarining sharhchisi, Qozizoda va Ulug’bekning iste’dodli shogirdi, samarqandlik matematik va astronom Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchini ham eslatib o’tish kerak. U “o’z davrining Ptolemeyi” deb nom olgan. Ali Qushchi ilmiy ishda Ulug’bekning eng yaqin yordamchilaridan biri edi. Ulug’bek maktabi namoyandasi sifatida, Ulug’bek asarlarining sharhchisi, Qozizodaning Nabi Miram Chalabiy nomi ham diqqatga sazovordir.
Madrasada boshqa mudarrislar bilan bir qatorda, Ulug’bekning o’zi ham astronomiya bo’yicha lektsiyalar o’qir edi. Uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan bir gradus yoyning sinusini aniqlash – Ulug’bek va uning maktabi erishgan ajoyib va eng muhim muvaffaqiyatlardan bir bo’ldi.
Biroq bu yerda masalaning printsipial tomoni muhimdir. Gap shundaki, “Ziji Ulug’bek”, ya’ni Ulug’bekning astronomic jadvallari, boshqacha so’z bilan aytganda, “Ziji Ko’rag’oniy”ning ajoyib sharhchisi, astronom Birjondiyning yozishicha, yuqoridagi masalani hal qilish (ya’ni uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan masalani hal qilish) usullaridan biri Jamshiga, ikkinchisi esa zahmatkash sulton Ulug’bekka mansubdir.
Ulug’bek olimlar, rasadxona xodimlarining yig’ilishlarida bir necha bor nutq so’zlagan, ular bergan savollarga javob qaytargan. Masalan, Sediyo qo’lyozmada qayd qilingan ana shunday voqealardan birini keltiradi. Samarqanddagi astronomla maktabining vakili, Samarqanddagi astronomlar maktabining vakili, “Ziji Ko’ragoniy” asarining shahchisi, astronom Chalabining bu qo’lyozmasida bunday deyiladi: “Bizning mullamiz G’iyosuddin Jamshid bir necha sulton, shahzoda amaldorlari ishtirok etgan yig’ilishda shu jadvallarning muallifidan nima uchun astronimiyaga oid risolalarda apogey va perigeyda hech qanday tenglama yo’q deb aytilgan, vaholanki, biz ularni aniqlashni jadvallardan topib olamiz”, deb so’ragan. Hazrat oliylari (ya’ni Ulug’bek) bunday javob bergan: “Mening jadvallarimda ana shu ikki nuqta uchun tenglama belgilab berish vazifamga kirmaydi”. “G’iyosuddinga, – berilgan bu javob, deb yozadi Chalabiy – to’g’ri, chunki shundan keyin biz o’z sharhlarimizda bu fikrlarni bayon qilib berdik”.
Shunday qilib, hatto G’iyosuddin Jashshid singari yirik matematik va astronom ham Ulug’bekning maslahatlariga muhtoj bo’lgan, ilmiy masalalari bilan unga murojaat qilgan va batafsil javoblar olgan.
Ulug’bekning faoliyati reaktsion ruhoniylar mutaassibligiga qarshi olib borilgan murakkab kurash sharoitida rivojlandi. Gap shundaki, o’rta asrlardagi hukmron dunyoqarash ilohiyatga asoslangan edi – tabiatdagi barcha hodisalar va jamiyatdagi munosabatlar ollo-taoloning amri bilan bo’ladi deb qaralardi. “Cherkov dogmatlari, – deb yozadi F.Engels, – ayni vaqtda siyosiy aksioma bo’lib qoldi… Aqliy faoliyatning barcha sohasida hukmron bo’lgan bu diniy qarash o’sha davrda shuning uchun ham zarur ediki, cherkov mavjud feodal tuzumning eng yuqori hokimiyati va qonun chiqaruvchi organi bo’lib hisoblanardi”. Bu qoida o’rta asr O’rta Osiyoga ham to’la talluqlidir.
O’sha davrda rasmiy ideologiya islom aqidalariga asoslanar edi. Islom aqidalarig ko’ra, jahondagi hamma narsaning taqdiri oldindan belgilab beriladi. Ruhoniylar tomonidan bunday reaktsion ta’limot har qanday xurofotning ravnaq topishi uchun zamin bo’lib xizmat qildi. Do’zax oldidagi qo’rquv, “narixi dunyo” (“bihisht”) dagi huzur-halovatga umid bog’lash mehnatkashlar dunyoqarashining shakllanishida katta rol o’ynardi. Islom diniga zid bo’lgan har qanday ta’limot shakkoklik deb hisoblanar va qattiq ta’qib qilinar edi. Shuning uchun ham olimlar ba’zan o’zlarining ijodiy ishlarida, zohiran bo’lsa-da, islom aqidalariga bo’ysunishga majbur bo’lardilar va o’z asarlaridagi progressiv fikrlarni din niqobi ostida yashirardilar.
Dunyoning geotsentrik sistemasi Ulug’bek maktabi astronomik ishlarining negizini tashkil etadi. Lekin geliotsentrik qarash ham uning maktabi namoyandalari uchun yot emas edi, deb taxmin qilish uchun ba’zi asoslar bor.
Biz yuqorida aytib o’tganimizdek, Ulug’bek madrasasida o’qitilgan fanlar orasida astronomiya muhim o’rinni egallardi. Ulug’bek boshchilik qilgan astronomlarning muvaffaqiyatli ravishda olib borgan ta’lim va ilmiy ishlari ularni aniqroq asboblar bilan ta’minlangan namunali rasadxona qurish kerak degan fikrga olib keldi. Ulug’bek yuqorida aytib o’tilgan madrasani qurdirganidan keyin oradan to’rt yil o’tgach, ana shu g’oyani amalga oshirishga kirishdi. Tarixiy manbalar ana shundan dalolat beradi. “Mirzo Ulug’bek o’z madrasasini qurdirib bitkazgandan keyin oradan to’rt yil o’tgach, Qozizoda Rumiy, mavlono G’iyosuddin Jamshid va mavlono Muiniddin Koshiy bilan maslahatlashib, Ko’hak etagida, Obirahmat soyining bo’yida rasadxona binosini qurdirdi. Bu binoning atrofida baland hujralar qurildi, rasadxona joylashgan tepalik etaklarida ajoyib bog’ barpo etildi. Ulug’bek o’zining ko’pgina vaqtini shu bog’da o’tkazar edi. Bobir asarlarida ham xuddi shunday ma’lumotni o’qish mumkin. “Yana bir oliy imorati Pushtan Ko’hak domanasida rasaddurkim, zich bitmakning olatidur. Uch oshiyonliqdur”. Shuni ham aytish kerakki, 1259 yilda Marag’oda Nasriddin Tusiy tomonidan qurilgan rasadxona XIV asrning birinchi yarmidayoq xaroba holiga kelgan edi.
Biroq tarixiy manbalarda ko’rsatilganiga qaramay, Ulug’bek rasadxonasi qayerga joylashgachligi uzoq vaqt noma’lum bo’lib keldi. Faqat 1908 yilda samarqandlik arxeolog V.L.Vyatkin xarobalar ostidan uning qoldiqlarini topishga muyassar bo’ldi.
Rasadxona qoldiqlari topilgan tepalik yer sathidan balandligi taxminan 21 m, sharqdan g’arbga cho’zilgan uzunligi 170 m keladigan tabiiy toshli balandliklardan iborat. Tepalikdan turib qaraganda chor atrofda keng va ajoyib tabiat manzarasi namoyon bo’ladi.
Qazishma ishlari olib borilgan vaqtda turli rangdagi ko’pgina koshin g’ishtchalar, shuningdek, mozaika bo’laklari ham topildi. Masalan, Samarqanddagi Ulug’bek madrasasi ana shunday koshinlar bilan bezatilgan edi. Rasadxona binosi o’sha davrda hukmron bo’lgan arxitektura uslubiga asosan bezatilgan bo’lsa kerak. Tarixiy manbalardan ma’lum bo’lishicha, devordagi suratlarda osmon gumbazi, samoviy jismlar, ularning joylashishi va o’zaro munosabati, sayyoralarning orbitalari, qo’zg’almas yulduzlar, dengizlar, okeanlar, tog’lar bo’yicha iqlim mintaqalariga bo’lingan yer kurasi va hokazolar tasvirlangan.
Agar uch oshiyonali rasadxona binosining baland tepalikda viqor bilan qad ko’tarib turganini ko’z oldimizga keltiradigan bo’lsak, u vaqtda rasadxona kishilarda naqadar ulug’vor taassurot qoldirganini tushunish qiyin emas.
Rasadxonaning ulkanligini shundan ham bilsa bo’ladiki, birinchidan, bu yerda qurilish chiqindilarining juda katta uyumi topildi; ikkinchidan, rasadxonadagi asosiy o’lchov asbobi juda katta bo’lgan, qazish vaqtida uning bir qismi topilgan. XVII-XVIII asrlarga oid adabiyotlarda Ulug’bek rasadxonasi haqida gapirilib, unign ulkanligi va ulug’vorligi ko’rsatib o’tiladi, jumladan, yuqorida tilga olingan asbobning balandligi Istanbuldagi mashhur Aya Sofiya ibodatxonasining balandligiga teng bo’lgan deyiladi (ya’ni taxminan 50 metr).
Bu asbobni o’rnatish masalasi ham muvaffaqiyatli hal etilgan edi. Bu asbob yoyining bir qismi meridian yo’nalishida qariyb 2 metr kenglikda qazilgan chuqurga joylashtirilgan edi. Uning chuqurda saqlanib qolgan qismi oralig’i 51 sm bo’lgan ikkita parallel to’siqdan iborat. U pishiq g’ishtdan urilgan bo’lib, ganch bilan suvalgan va marmar bilan pardozlangan. Asbob har 70,2 sm oralatib bo’lingan. Bu esa bir gradusga to’g’ri keladi. Devor ustki tomonidagi marmar plitalarda o’yilgan chiziq bo’lib, u kuzatishlar olib borish uchun zarur bo’lgan asbobni o’rnatish va uni surib turish uchun mo’ljallangan.
“Ziji Ulug’bek” yoki “Ziji Ko’ragoniy” deb atalgan astronomik jadvallar Ulug’bek va uning xodimlari ilmiy ishlarining eng muhim natijasidir.
Dastlab “Ziji Ulug’bek” fors-tojik tilida yozilgan edi. Gap shundaki, arab xalifaligining inqirozga yuz tutishi va O’rta Osiyo territoriyasida mustaqil davlatlarining paydo bo’lishi natijasida mahalliy adabiy tillar, ayniqsa, o’zbek, fors-tojik tillarining roli sekin-asta ortga bordi.
To’g’ri, o’rta osiyoli ba’zi olimlar hamon arab tilida yozardilar, lekin bunday olimlar tobora kamayib borardi. Musulmon Sharqida ham shunday ahvolni ko’ramiz. Bu yerda aslida tojik adabiy tiliga o’xshash bo’lgan fors tilidan tez-tez foydalan boshlashdi.
Shuning uchun ham Ulug’bek o’zining “Ziji”ni fors-tojik tilida yozishga jazm qilganligi o’sha davrda batamom tabiiy va qonuniy bir holder. Deyarli butun musulmon Sharqida qaror topgan tarixiy sharoitlarga ko’ra, fors-tojik tili keng tarqalgan edi.
Darhaqiqat, Ulug’bek vatanida fors-tojik tilidagi “Ziji Ulug’bek” saqlanib qolgan; bu asar shu tilde butun dunyoga tarqaldi, o’z vaqtida, undan yuz yildan ko’proq ilgari uning Muqaddimasi fransuz tiliga tarjima qilindi. Nihoyat, Marag’oza Nasriddin Tusiyaning “Ziji”, Hindistonda Savayjay-Singx va Abu-Mulla Farid Dehlaviyning “Ziji” ham fors-tojik tilida yozildi.
“Ziji Ulug’bek” asari Muqaddima (nazariy qismi) va Samarqand rasadxonasida olib borilgan kuzatishlar asosida tuzilgan Ulug’bek jadvallaridan iborat.
“Ziji Ulug’bek” asari Muqaddimasi Ulug’bek tomonidan kuzatishlar to’plangunga qadar yozilgan bo’lib, so’ngra G’iyosuddin Jamshid uni fors-tojik tilidan arab tiliga tarjima qilgan. Buni XVIII asrga oid bo’lgan va hozirgi vaqtda O’zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan “Ziji ta’rifi Sulton” qo’lyozmasidan ham ko’rish mumkin. Arab tilida yozilgan shu qo’lyozmaning oxirida bunday deyilgan. “Risolani Samarqandda kuzatuv ishlari olib borgan mavlono as-Sulton ibn as-Sulton Ulug’bek ibn as-Sulton Shoxrux ibn as-Sulton Temur Ko’ragoniy yozib tugalladi, u esa Samarqandda kuzatishlar o’tkazgan Ulug’bekdir. Buyuk olim G’iyosuddin Jamshid uni yaxshilab tahrir qilib, arab tiliga tarjima etdi”. Bu risolaning arabcha teksti tojikcha tekstiga aynan o’xshamaydi: unga, masalan, kalendar bo’yicha ozgina qo’shimchalar ham kiritilgan. Biroq bunday holda masalaning prinsipial tomoni muhim ahamiyatga ega: boshda kuzatishlarning natijalari to’plangunga qadar “Ziji Ulug’bek” asarining nazariy asosi tojik tilida yozilgan bo’lib, so’ngra u Jamshid tomonidan arab tiliga tarjima qilingan.
Afsuski, Samarqand astronomiya maktabi namoyandalarining ko’pgina asarlari bizgacha yetib kelmagan: ularning ayrimlari yo’qolgan, boshqalari esa o’z vaqtida reaktsion ruhoniylar tomonidan yo’q qilib yuborilgan. Qo’lyozmalarning bizgacha yetib kelgan ozgina qismi dunyodagi bir necha yirik kutubxonalarda saqlanmoqda. Ulug’bekning eng ko’zga ko’ringan xodimlaridan biri G’iyosuddin Jamshid quyidagi asarlarning muallifidir: 1. “Ziji Xoqoniy dar takomili ziji Elxoniy”. Bu astronomik jadvalga Nasriddin Tusiy rahbarligida Marog’a rasadxonasida tuzilgan jadvallar asos bo’lgan. Jamshid bu jadvallarni sinchiklab tanqidiy tahlil qilgan, tuzatgan, shuningdek, yangi ma’lumotlar bilan to’ldirgan. Asar fors-tojik tilida yozilgan; uning bir nusxasi Aya Sofiyadagi katta kutubxonada saqlanmoqda, sarlavhasidan ko’rinib turganidek, asar Xoqonga (ya’ni sultonga) bag’ishlangan. 2. “Bog’lar sayri” asari. Bu asarda astronomiyadagi ba’zi bir amaliy masalalarni hal qilish uchun, jumladan, osmon yoritqichlarining geografik kengligi va uzunligini aniqlash uchun avtor ixtiro qilgan astronomik asbobning bayoni berilgan. Bu risola qo’lyozmasining bir nusxasi Londondagi “Indio affice” kutubxonasida (MS 210) mavjud. 3. “Osmon narvoni”. Aran tilida yozilgan bu asarda osmon jismlarini o’lchash masalalari bayon etilgan. Risolaning ayrim nusxalari Yevropadagi ba’zi kutubxonalarda, jumladan, Leyden kutubxonasida va Oksford kutubxonasida saqlanmoqda. 4. “Xorda va sinuslar haqida risola” bo’lib, bu asar bir gradusli yoyning sinusini hisoblab chiqish metodiga bag’ishlangan. 5. “Hisob kaliti” asari bo’lib, bunda hisob va algebraning ba’zi bir eng muhim masalalari qarab chiqilgan. 6. “Doira haqida risola” bo’lib, bu asarda doiraning diametriga nisbatini belgilash metodi ko’rsatib berilgan. “Hisob kaliti” risolasida, jumladan, Jamshid tomonidan kashf etilgan o’nlik kasrlar, endilikda Rufini – Gorner nomi bilan yuritilayotgan ildiz chiqarishning umumiy usuli, shuningdek, har qanday natural ko’rsatkich uchun Nyuton binomi formulasini qo’llash singari g’oyat muhim masalalar qarab chiqilgan.
Yuqorida eslatib o’tilgan Ulug’bek rasadxonasining xodimi Salohiddin Musa ibn Mahmud Qozizodaning asarlari diqqatga sazovordir. U quyidagi asarlarni yozgan: 1. “Arifmetikaga oid risola”. Arab tilida yozilgan bu asarning o’zi va noma’lum avtor tomonidan unga yozilgan sharhlar Istanbuldagi Aliposhsho kutubxonasida saqlanardi. 2. Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chag’miniyning “Astronomiyaning mohiyati”ga izohlar. Bu asar astronomiyani o’rganayotgan kishilar orasida keng tarqalgan, jumladan, astronom talabalarning eng zarur kitobi bo’lgan. Bu asarning bir nusxasi (arab tilida yozilgan) O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida mavjud. 3. Shamsuddin Samarqandiyning “Shakllar asosiga sharh” asari bo’lib, bu asarda muhim geometrik masalalar bayon etilgan. 4. “Sinus haqida risola”. Bunda G’iyosuddin Jamshid tomonidan taklif etilgan metodga asoslanib, bir gradus yoyining sinusini aniqlashning yangi soda variant berilgan.
Ushbu maktabning yana bir iste’dodli namoyandasi, Ulug’bekning shogirdi Ali Qushchidir. Ali Qushchi quyidagi asarlarning avtori: 1. “Arifmetikaga oid risola”. Bu asar tojik tilida yozilgan va uch qismdan iborat bo’lib, hind matematikasiga va astronomiyaning ba’zi masalalariga bag’ishlangan. Uning ayrim nusxalari Leyden kutubxonasida va O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 2. “Astronomiyaga oid risola”. Bu asarning eng qadimgi nusxasi Aya Sofiyadagi katta kutubxonada, shuningdek, Toshkentda, O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 3. “Oysimon shakllarni hal etish to’g’risida risola”. 4. “Muhammadiya risolasi”. Bu asarda arifmetika va algebra masalalari qarab chiqilgan. Ulug’bek fojiali halok bo’lganidan keyin Ali Qushchi Istanbulga ko’chib ketadi. Bu yerda ushbu risolani tojikchadan arabchaga tarjima qiladi va uni Sulton Muhammad II ga taqdim etadi. Shuning uchun u “Muhammadiya” deb ataladi. Risolaning muallif o’z qo’li bilan arab tilida yozgan nusxasi Aya Sofiyadagi katta kutubxonada mavjuddir. 5. “Fathiya” – astronomiya bo’yicha arab tilida yozilgan risola. Asarning ayrim nusxalari Parijda va Istanbulda saqlanmoqda. 6. “Ulug’bek jadvallariga sharhlar” yoki “Ko’ragoniy jadvallariga sharhlar”. Adabiyot ma’lumotlari bo’yicha ma’lum bo’lgan bu asar bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Ali Qushchi 1474 yilda Istanbulda vafot etgan.
Qozizodaning nabirasi, Miram Chalabiy nomi bilan ko’proq mashhur bo’lgan Mahmud ibn Muhammad ham Ulug’bek maktabining ajoyib namoyandalaridan biri edi. Bu olimning qalamiga quyidagi asarlar mansubdir: “Ulug’bek jadvallariga sharh” – bu katta asar turk sultoni Boyazid II ning iltimosiga ko’ra tojik tilida yozilgan bo’lib, Yevropa mamlakatlarining ba’zi kutubxonalarida, jumladan, Parijda va Istambulda saqlanmoqda. 2. Ali Qushchining astronomik “Fathiya risolasiga sharh”. Bu asar Parijda mavjud. 3. Qibla azimuti masalalariga bag’ishlangan asarlar, shu jumladan, “Qibla azimutini tadqiq qilishga oid risola”. Bu asar Istanbulda saqlanmoqda. 4. “Sinus haqida to’la risola” yoki “Sinus haqida mukammal to’plam”. Bu asar yoy sinusiga doir masalalarni tahlil qilishga bag’ishlangan. 5. “Almuqantarot haqida risola” (aniqrog’i, almuqantarotning chorak qismi haqida asar).
Samarqand maktabi astronomlari orasida eslatib o’tilgan Muiniddin va uning o’g’li Mansur Koshiyni ham ta’kidlab o’tish kerak. Lekin Koshiyning shogirdi Abdulla ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiy alohida diqqatga sazovordir. U quyidagi asarlarni yozgan: 1. “Ko’ragoniy jadvallariga sharh”, ya’ni Ulug’bek jadvallariga batafsilroq sharh. Ko’pgina shakllari bo’lgan va 929 yilda – hiyriy (1522) yilda yozilgan deb ko’rsatilgan va qo’lyozma tarzida juda yaxshi saqlangan tojik tilidagi bu asar O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda, unda muallifning dastxati bor. 2. Qozizodaning “Chag’miniy astronomik risolasi”ga yozgan va yuqorida eslatib o’tilgan sharhlarning izohlari; bu asar Yevropa kutubxonalarida, jumladan, Leningrad mavjud. 3. Nasriddin Tusiy arab tiliga tarjima qilgan “Almagest”ga sharh; bu asar O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. 4. Nasriddin Tusiyning uturlob (astrolyabiya) risolasiga shahr. Asar Britaniy muzeyida, Istanbulda, Leningradda va Toshkentda – O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Birjandiy yigirma bobdan iborat bu asarda astrolyabiyani batafsil tasvirlaydi, nazariy jihatdan asoslab beradi va uni astronomiyaning turli masalalari uchun qo’llash lozimligi haqida gapiradi. 5. Tojik tilida yil hisobiga oid risola, bu asar Oksfordda saqlanmoqda. 6. Tojik tilida astronomiyaga oid risola, bu asarning birdan-bir nusxasi Oksfordda mavjuddir.
Ulug’bekning yulduzlar katalogi 1665 yilda Oksfordda bosib chiqarildi, so’ngra G.Sharpe tomonidan 1767 yilda va Baily tomonidan 1843 yilda Londonda ko’chirib bosildi. Ulug’bekning astronomik jadvallariga yozgan Muqaddimasi 1853 yilda Parijda tarjima qilindi va nashr etildi. Ulug’bekning yulduzlar katalogi tadqiqoti 1917 yilda Amerikada nashr etildi. So’ngra Ulug’bek qalamiga geografik jadvallar ham mansub bo’lib, bu jadvallar Nasriddinning geografik jadvallari bilan birga I.Greaves tomonidan 1652 yilda Londonda nashr etildi.
Yuqorida bayon qilingan fikrlarimiz Ulug’bek astronomiya maktabi nihoyatda shuhrat qozonganligini ko’rsatuvchi yorqin dalillardan biridir.
Yulduzlar katalogini tuzish nihoyatda qunt bilan ishlashni talab qiladi. Bu kataloglar katta ilmiy ahamiyatga ega bo’lib, turli davrlarda yoritqichlarning osmon gumbazida taqsimlanishi to’g’risida tasavvur beribgina qolmay, balki eng muhimi – osmon jismlarinig harakatini o’rganish uchun ajoyib material bo’lib ham hisoblanadi. Chunonchi, garchi hozirgi vaqtda pretsessiya hodisasi vaviloniyalik astronomlar tomonidan ixtiro qilingan deb taxmin qilishga asos bo’lsa ham, biroq bu narsa birinchi marta Gipparxning katalogi tufayli batafsil isbotlab berildi. Olim o’z katalogini tuzarkan, uni Aristill va Timoxaris tomonidan ungacha 150 yil ilgari olingan kuzatish natijalari bilan taqqoslab ko’rdi. Ma’lum bo’lishicha, yulduzlarning hamma geografik uzunligi ko’paygan, kengligi esa o’zgarmay qolavergan, yil davomidagi bahorgi teng kunlik nuqtasi esa ekliptika bo’yicha g’arbga tomon 36 gradus surilgan.
Gipparxdan keyin yulduzlarning puxta katalogini tuzgan ikkinchi astronom Ulug’bek bo’ldi. Uning katalogi “katta ilmiy qimmatga egadir, chunki u Samarqand rasadxonasida aniqlangan yulduzlarning vaziyatga asoslangandir. U aslida o’n olti asr mobaynida ikki jiddiy katalog hisoblanadi”.
Ulug’bekning yulduzlar katalogi shu jihatdan qimmatliki, bu katalog bevosita kuzatishlar natijasida tuzilgan. “Bu ish chinakamiga original ish, biz shu vaqtgacha uchratgan barcha asarlar Ptolemeydan olingan, hech bo’lmasa koordinatalar haqidagi ma’lumotlar undan olingan”.
Laplas ham taxminan xuddi shunday fikrni aytadi. U Ulug’bekni “ulug’vor kuzatuvchi” deb ataydi. “U Samarqandda, – deydi Laplas, – o’z el-yurti poytaxtida yulduzlarning yangi katalogini va astronomik jadvallarni tuzdiki, bular “Tixo Bragegacha mavjud bo’lgan katalog va jadvallardan yaxshidir”.
1446 yilda Boysunqurning o’g’li Sulton Muhammad G’arbiy Eronda o’z bobosi Shohruhga qarshi qo’zg’olon ko’tardi. Qo’zg’olonni bostirish uchun Shohruh o’sha yiliyoq yurish boshladi. Ulug’bekning o’g’li Abdullatif va Shohruhning rafiqasi Gavharshod qo’shinlar bilan birga edi. Boysunqurning ikkinchi o’g’li Alouddavla esa Hirotda esa. Shohruh qiyinchiliksiz qo’zg’olonni bartaraf qildi. Oradan ko’p o’tmay, 1447 yil 12 martda keksa Shohruh o’zining qishki qarorgohida kasal bo’lib vafot etdi. Toju taxt haqidagi masala u hayot vaqtida hali uzil-kesil hal etilmagan edi.
Gavharshod reining siyosiy ishlariga katta ta’sir ko’rsatar va Shohruh davrida haqiqatan ham hokimiyat uning qo’lida edi. Shuning uchun ham Shohrux o’limidan keyin Gavharshod ilgaridan o’ylab qo’ygan rejasini amalga oshirishga zudlik bilan kirishdi. Gap shundaki, Boysunqurning o’g’li Alouddavla malika Gavharshodning arzandasi edi. Malika yashirin tarzda Shohrux hukmronlik qilib turgan vaqtdayoq uni toj-taxt egasi qilishga mo’ljallab qo’ygan edi. Shohrux esa o’z taxtini Balx hokimi bo’lib turgan o’g’li Muhammad Jo’qiga berish niyatida edi. Gavharshod o’zining Ulug’bekka nisbatan bo’lgan salbiy munosabatini ustalik bilan yashirib, uning o’g’li Abdullatifga Shohrux qo’shinlariga boshchilik qilishni o’z qo’liga olishni taklif qildi va ayni vaqtda yashirin tarzda Hirotga Alouddavla huzuriga chopar yubordi. Abdullatif qo’shinlarga boshchilik qilishni o’z zimmasiga olgach, u ham o’z navbatida Ulug’bek huzuriga chopar yubordi. O’sha vaqtda Muhammad Jo’qining o’g’li Mirzo Abubakr Amudaryodan kechib o’tdi. U otasiing vafotidan keyin Balxning bir qismiga hukmronlik qila boshladi. Shohruxning tirik qolgan o’g’illaridan biri bo’lgan Ulug’bek ana shu davrda Balxni egalladi.
Shu vaqtda Abdullarif qo’shinlari orasida sarosima boshlandi. Boysunqurning o’g’li Abulqosim Bobir va Muhammad Jahongirning o’g’li Xalil Sulton Xurosonga qochib ketishdi, shuni ham aytish kerakki, Abulqosim Bobir Mozandaronni, Alouddavla esa Mashhadni egalladi. Abdullatif qo’shinlarining qolgan qismida tartib o’rnatib va malika Gavharshodni qamoqqa olib o’z qo’shini bilan sharqqa qarab yo’l oldi va Nishopurgacha yetib bordi. Bu yerda o’sha yilning aprelida Alouddavla qo’shinlari to’satdan Abdullatifga hujum qildi. Abdullarif Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo’yildi. Nihoyat sulh tuzildi. Bu bitimga ko’ra, Murg’ob havzasi chegara joyi deb hisoblandi. Abdullatifning o’zi esa otasining oldiga qo’yib yuborildi va Balx hokimi qilib tayinlandi.
1448 yil bahorida Tarnobda Alouddavla bilan Ulug’bek o’rtasida, katta jang bo’lib o’tdi. Bu jangda Abdullatif Ulug’bek tomonida turib qattiq jang qildi. Jang Ulug’bekning g’alabasi bilan tugadi. Oradan bir oz vaqt o’tgach, Ulug’bek Abdullatifni Hirotda qoldirib, o’zi u yerdan jo’nab ketdi.
Tarnobda bo’lgan jangda qo’shinlarning chap qanotiga Abdullatif, o’ng qanotiga esa Ulug’bekning kichik o’g’li Abdulaziz qo’mondonlik qildi. Ammo g’alaba yorlig’i yolg’iz Abdulaziz nomidan e’lon qilindi. Bu hol Abdullatifning izzat-nafsiga qattiq tegdi. Ulug’bek dushmanlari, ayniqs, uni yoqtirmaydigan reaktsion ruhoniylar bundan foydalandi. Ular Abdullatif bilan Ulug’bek o’rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirish uchun butun choralarni ko’rdi. Ulug’bek Abdullatifning Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asida saqlanayotgan qimmatli mol-mulklarini davlat mulki deb e’lon qilganida, ota bilan o’g’il o’rtasida adovatni yanada kuchaytirib yubordi.
Ulug’bekning ashaddiy dushmanlari – reaktsion ruhoniylar tomonidan qo’llab-quvvatlangan Abdullatif qat’iy harakat qilishga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Abdullatif qo’shinlari 1449 yil kuzida Samarqand yaqinida Ulug’bek qo’shiniga hujum qilib, uni tor-mor keltirdi. Ulug’bekka qarshi kayfiyatda bo’lgan Samarqand hokimi bu fursatdan tezda foydalandi: U darvozani yopib qo’yib, Ulug’bek bilan Abdulazizni Samarqand qal’asiga kiritmadi, Ulug’bek va Abdulaziz shimol tomonga, Shohruhiya qal’asiga yo’l olishdi, lekin qal’a boshlig’i Ulug’bekning mag’lubiyatga uchraganligidan xabardor bo’lib, unga boshpana berish o’rniga, uni qo’lga tushirishga va Abdullarifga topshirishga harakat qildi. Ana shunda Ulug’bek o’z farzandining adashganligini shaxsan tushuntirishga harakat qilib, u bilan muzokaralar olib borish uchun Samarqandga qaytib keldi. Ammo muzokaralar befoyda bo’ldi. Aksincha, Ulug’bekning dushmanlari tomonidan qurshab olingan Abdullatif jirkanch yo’lda turib oldi – u otasi Ulug’bekni yo’qotushga qaror qildi. Ulug’bekni o’ldirishning xoinona rejasi ishlab chiqildi. Ruhoniylarning maslahati bilan Ulug’bekka “o’z gunohlarini yuvish uchun” Makkaga jo’nab ketish taklif etildi. Ulug’bekning maqsadi va rejalari aslida qanday bo’lganligi noma’lum, ammo u bu taklifni qabul etishga majbur bo’ldi. Ayni vaqtda Ulug’bekdan yashirincha uning ustidan hukm chiqarildi va fotiha berildi, ya’ni shariat bo’yicha uni o’ldirishga qaror qilindi. Bu fotihaga qozi Shamsuddin Muhammad Miskindan tashqari ruhoniylarning barcha vakillari o’z muhrini bosdi. Miski g’ayri qonuniy bo’lgan bu hukmga o’z imzosini chekishdan bosh tortdi. Bu ishlarning hammasi go’yo Abdullatifning ruxsatisiz qilinganday bo’ldi.
Kechki paytda Ulug’bek kichik karvon bilan Makkaga qarab yo’l oldi. Lekin tez orada orqasidan maxsus yuborilgan chopar yigit tomonidan to’xtatildi. U Ulug’bekka karvonning anjomlarini to’ldirish va sobiq hokimga sayohat qilish uchun munosibroq sharoit yaratib berish uchun uni to’xtatganligini aytdi. Ulug’bek ana shu yerdagi qishloq uylaridan birida qo’nishga majbur bo’ldi. Bu yerda uning uchun chinakam tuzoq tayyorlangan edi. Oradan ko’p o’tmay, bu yerda Abbos degan kimsa paydo bo’ldi. Go’yo uning otasi bir vaqtlar Ulug’bekning farmoniga asosan qatl etilgan emish. Ulug’bek Abbosni ko’rishi bilanoq xoinlik borligini sezdi, lekin endi kech edi. Abbos va uning yo’ldoshlari qo’lga tushgan Ulug’bekning qo’l-oyoqlarini bog’ladilar. Ulug’bekni hovliga olib chiqib, daryo bo’yida yoniga turgan chiroqning yoniga olib kelganlaridan keyin, Abbos qilich bilan Ulug’bekning boshini tanasidan judo qildi. Shunday qilib, jahonga mashhur bo’lgan olim, ajoyib astronom va matemaik, o’sha davrdagi rasadxona va astronomiya maktabiga asos slogan buyuk inson 1449 yil 27 oktabrda 56 yoshida vaxshiylarcha o’ldirildi.
Ulug’bek o’ldirilganidan keyin feodallarning nizolari, o’zaro urushlari eng yuqori nuqtaga chiqdi. Ruhoniyla va feodal zodagonlar Abdullatif siymosida o’z homiylarini topdilar. Xalq uchun yanada og’ir kunlar boshlandi, chunki Abdullatif mamlakatda zulmni avj oldirdi, o’z dushmanlarini o’q va qilich bilan bostirdi. Ayrim tabaqalar o’rtasida ixtiloflar kuchaydi. Sinfiy kurash yanada keskinlashdi. 1450 yil 8 mayda harbiy fitna natijasida Abdullatifning o’zi ham o’ldirildi. Uning kesilgan boshi Registon maydonidagi Ulug’bek madrasasining peshtoqiga osib qo’yildi.
Abdullarif tomonidan yaqindagina qamoqqa olingan shahzoda Mirza Abdulla bo’shatildi va taxtga o’tqazildi. Buxoro qamog’ida yotgan Temuriylardan biri – Abu Said ham Abdullatifning o’limidan keyin tez orada ruhoniylar tomonidan ozod qilinib, Abulxayron bilan birgalikda Abdullaga qarshi qo’zg’olon ko’tardi. 1451 yilda Bulung’urda bo’lgan jangda Abdullaning qo’shinlari tor-mor qilindi. Uning o’zi esa o’ldirildi. G’oliblar Samarqandga kirishdi. Abu Said toj-taxtni egalladi, Abulxayr Samarqandni Abu Saidga qoldirib, o’zi cho’lga jo’nab ketdi.
Abu Said o’z atrofiga ruhoniylarning eng reaktsion unsurlarini to’pladi. Avvalo, u Toshkentdan Samarqandga Xo’ja Ahrorni chaqirtirib oldi. U Abu Said yotqazayotgan siyosatning ideologiya va haqiqiy rahbari bo’ldi. Reaktsiya avj oldi. Masalan, 1455 yilda Abu Saidning taklifiga binoan, Shayxulislom Burhoniddin Hirotdan Samarqandga qaytarib keltirildi. U Abdullaning o’lganligi to’g’risidagi xabarni bir vaqtlar eshitib Samarqandni tark etib ketgan edi.
Abdullatif o’ldirilgandan keyin Ulug’bekning jiyani Abulqosim Bobir tez orada – 1452 yilda Xurosonni bosib oldi. Abulqosim Bobirning o’limidan keyin (1457 yil) Abu Said butun Temuriylar davlatinign hokimi bo’lib qoldi.
1461 yilda Shohruhiya mamlakatining hokimi Muhammad Jo’qi Abu Saidga qarshi qo’zg’olon ko’tardi, lekin 1463 yil kuzda shahar uzoq vaqt qamal qilinganidan keyin taslim bo’ldi. Hirotning Ixtiyoriddin qal’asidagi zindonga tashlangan Muhammad Jo’qi o’sha yili o’ldi.
1468 yil fevral oyining oxirida Abu Said G’arbiy Eronni bosib olish uchun yurish boshladi va 1469 yilda turkmanlarning Oqquyunlu sulolasiga qarshi olib borilgan jangda halok bo’ldi. Hirotdagi toj-taxt Sulton Husayn qo’liga, Samarqandda esa Abu Saidning o’g’li Sulton Ahmad qo’liga o’tdi. Sulton Ahmad uzoq vaqt (1469-1494) hukmronlik qilsada, aslida hokimiyat shayx Xo’ja Ahrorning qo’lida qolaverdi.
Shayxulislom Burxoniddin tez orada Samarqandni tark etib, Hirotdagi madrasalardan birida osoyishta hayot kechirishga qaror qildi. Xo’ja Ahror Abu Saidning vorisi deb hisoblangan Mirzo Sulton Ahmad bilan birga Samarqandda qolaverdi. Sulton Ahmad kaltabin va maishatparast kishi edi. Shuning uchun Samarqandda hukmronlik ilgarigidek Xo’ja Ahrorning qo’lida qolaverdi. Buning natijasida Samarqandda Ulug’bek davrida yuz bergan madaniyat ravnaqi asta-sekin dini jaholatparastligi bilan o’rin almashdi. Madaniy markaz roli asta-sekin Hirotga ko’chdi. Bu yerda adabiyot va san’at (arxitektura, muzika, hattotlik, miniatyura) keng rivojlana boshladi. Samarqandda taxsil ko’rgan buyuk Navoiy va Jomiydek mashhur shoirlardan: Xotifiy, Hiloliy, Binoiylar, “Sharqning Rafaeli” deb nom olgan ajoyib rassom Behzod Hirotda yashadi va ijod etdi.