Savdogarlar

Savdogarlar — savdo bilan shug’ullanuvchi ijtimoiy tabaqa. Savdogarlar tovarlarni o’z iste’moli uchun emas, balki uni sotib foyda olish maqsadida xarid qiladi, ishlab chiqaruvchi (yoki tovar egasi) bilan iste’molchi urtasida (ba’zan turli xil tovarlar ishlab chikaruvchilar urtasida) vositachilik vazifasini bajaradi. Tovarlarni ishlab chiqarish makonining ularni iste’mol qilish makonlariga hamisha ham mos kelavermasligi savdogarlikni ob’yektiv zaruratga aylantirgan. Savdo vositachilari ibtidoiy jamoaning yemirilish davrida vujudga kelib, jamiyatning keyingi tarixiy taraqqiyoti davomida ijtimoiy mehnat taqsimoti va ayirboshlashning rivojlanishi bilan boy Savdogarlar va mayda Savdogarlar guruhlariga bo’lingan holda jamiyat ijtimoiy tuzilmasining zaruriy unsuriga aylandi. Savdogarlar qadimgi dunyoning kupgina jamiyatlari (Karfagen, Ellin davlatlari, Yunoniston, Rim va boshqalar) iqtisodiyotida muhim rol uynadi. Ilk o’rta asrlarda Arab mamlakatlari, ayniqsa, Hindiston, Xitoyda savdogarlik juda rivoj topdi. Karvonlar tuzib, yurtmayurt kezib savdo qilish savdogarchilikning keng tarqalgan ko’rinishi bo’lib qoldi. 11 —12-asrlarda G’arbiy Yevropada hunarmandchilikning qishloq xo’jaligidan ajralib chiqishi va shaharlarning tobora rivojlanib borishi bilan yirik savdo-hunarmandchilik markazlari (Venetsiya, Genuya va boshqalar) paydo bo’ldi va Savdogarlar ijtimoiy tabaqa tarzida shakllandi. Savdogarlar o’z savdo manfaatlarini himoya qilish uchun alohida korporasiyalar (gildiya va boshqalar)ga birlashdilar. 15-asrga kelib G’arbiy Yevropada savdo operasiyalarida veksellar, yozma hisobotlar qo’llanila boshladi. Savdogarlar savdo qilishdan tashqari sudxo’rlik bilan ham shug’ullandilar. Kapitalizmning shakllanishi davomida mayda tovar ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini sotib olish va sotish hamda ularni xom ashyo bilan ta’minlash ishida Savdogarlar haqiqatda kapitalist sohibkorlarga, manufaktura egalariga aylandilar. Buyuk geografik kashfiyotlardan keyin Savdogarlarning bir va bir necha mamlakatda savdo monopoliyasi yoki hatto harbiy-siyosiy hukmronlik o’rnatgan yirik savdo kompaniyalari (masalan, Vest-Indiya, Ost-Indiya) paydo bo’ldi. Kapitalistik munosabatlarning qaror topishi davrida Savdogarlar burjuaziyani shakllantirgan manbalardan biri bo’ldi. Rivojlangan kapitalistik jamiyatda Savdogarlar o’z mustaqil ahamiyatini yuqotdi, chunki bu jamiyatda sanoat kapitali va sanoatchi ishbilarmonlar vakillari yetakchi o’rinni egallaydi. Sharq mamlakatlari, shu jumladan, O’rta Osiyoda, Savdogarlar qadimgi kasblardan hisoblanadi, ular ko’chmanchi chorvadorlar, dehqonlar va kosiblar o’rtasida tovar ayirboshlashda vositachilik qilganlar. Musulmon mamlakatlarida shariat qonunlariga ko’ra va hadislarda sudxo’rlik harom ish, savdogarlik obro’li kasb, faqat rostgo’y, halol, yuksak axloq sohiblarigina savdogar nomiga loyiq hisoblangan. Masalan, Alisher Navoiy “Mahbub ulqulub” asarida Savdogarlarni ilg’or fikrli kishi, ular halol rizq topish yulida bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga tovarlarni keltirish borasida mashaqqat chekadi, tovarlarning taqchilligi va ortiqchaligini bartaraf etishda ishtirok etib, iqtisodiy muvozanatni ta’minlaydi, ilg’or fikrlarni tarqatadi, deb ta’riflaydi. O’rta Osiyolik Savdogarlar Eron, Hindiston, Xitoy, Misr, Turkiya, Rossiya, Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan savdo aloqalari olib borganlar. Miloddan avvalgi 2-asrdan to milodiy 15-asrgacha Sharqni G’arb bilan bog’lagan va O’rta Osiyo orqali o’tgan asosiy savdo yo’li — Buyuk ipak yo’lining ahamiyati juda katta bo’lgan. Amir Temur savdo-sotiqqa katta e’tibor bergan. Temur hokimiyati qaror topgan joylarda karvon yo’llari qo’rikdangan va bexatar bo’lgan. Amir Temur Savdogarlarga katta imtiyozlar bergan, karvon yo’llarida karvonsaroylar qurdirgan. O’rta Osiyoni chor Rossiya imperiyasi bosib olganidan keyin O’rta Osiyolik Savdogarlar banklar savdo-sanoat firmalari bilan aloqalar o’rnatib, kapitalistik savdo usullarini o’zlashtira boshladilar. Oktyabr to’ntarishidan so’ng O’zbekistonda mayda va o’rta hol Savdogarlar vaqtincha saqlanib qoldi. 20-asrning 20-yillari oxirida O’zbekistonda davlat va kooperativ savdoning rivojlanishi bilan Savdogarlar ulgurji va chakana savdo sohalaridan siqib chiqarildi. 1930-32 yillarda Savdogarlar ijtimoiy tabaqa sifatida butkul tugatildi. O’zbekistonda davlat mustaqilligiga erishilganidan keyin bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida savdogarlik tadbirkorlik faoliyatining bir yo’nalishi tarzida qayta paydo bo’ldi va ijtimoiy qatlam sifatvda shakllanib, son jihatdan ko’payib bormoqda. Savdogarlarlarga ko’maklashuvchi “Savdogarbank” aktsiyadorlik tijorat banki tashkil etilgan, “Savdogar” gazetasi chiqadi. Ad.: To’xliyev N., Osiyo va bozor. T., 1992; Yo’ldoshev N., O’rta Osiyoda bozor nazariyasi va tajribasi, T., 2002; AlFaqih Abu Lays asSamarqandiy, Tanbeh ul g’ofilin, 3 kitob, T., 2003. Nuriddin Yo’ldoshev.