Shabko’rlik
Shabko’rlik (forscha — tun, kecha), gemeralopiya — qorong’ida ko’rish qobiliyatining buzilishi. Shabko’rlik ko’pincha tug’ma bo’lib, bolalik va o’smirlik davrida asosan o’g’il bolalarda kuzatiladi, aksariyat oilaviy-irsiy xususiyatga ega bo’ladi. Simptomatik Shabko’rlik ko’zning turli organik kasalliklari (glaukoma, ko’ruv nervi atrofiyasi, xorioretinit va hokazolar) da kasallikning bir belgisi sifatida uchraydi. Funktsional Shabko’rlik ko’proq ovqat tarkibida A vitamini etishmasligi yoki bo’lmasligi natijasida paydo bo’ladi. Shabko’rlikda bemor nim qorong’i yoki tuzuk yoritilmagan xonalarda, kunning g’irashira paytlarida va tunda, yorug’dan qorong’iga o’tganda ko’ra olmay qoladi (ayni vaqtda yorug’likda yaxshi ko’radi). Keyinroq rang ajrata olmaslik alomatlari namoyon bo’ladi, asosan, ko’rish maydoni torayib, ko’rish o’tkirligi ham pasayadi. Shabko’rlikka ko’z to’r pardasi tayoqcha qujayralari strukturasining organik o’zgarishlari yoki shu hujayra tarkibiga kiruvchi ko’z purpuri (rodopsin) ning funktsional yetishmovchiligi sabab bo’ladi. Ko’z purpuri oqsilning A vitamini bilan hosil qilgan kompleksi bo’lib, ko’zning qorong’ilikka moslashuvida muhim ahamiyatga ega. U yorug’lik ta’sirida (retinin va spesifik oqsilga) parchalanadi, qorong’ida esa (bevosita A vitamini ishtirokida) tiklanadi va shu bilan tayoqchahujayralar funktsional qobiliyatini tiklaydi. Shabko’rlikda ko’z to’r pardasida qop-qora pigment tanachalari paydo bo’lib, ular borgan sari ko’payib boradi. Qon tomirlari torayib, to’r pardaning o’zi yupqalashadi, uning oziqlanishi buzilib, so’ng ko’rish butunlay yo’qoladi. Shabko’rlikning hamma shakllarida servitamin (A vitaminiga boy) ovqatlar (sut, sariyog’, baliq moyi, jigar, sabzi, ko’k piyoz, ukrop, petrushka va boshqalar), vitamin preparatlari buyuriladi. Shabko’rlikka xos alomatlar sezilsa darhol mutaxassis vrachga ko’rinish lozim.