Shaftoli

Shaftoli (Regasa) — ra’noguldoshlarga mansub daraxtlar turkumi; mevali daraxti. Vatani — O’rta Osiyo. 6 turi ma’lum: oddiy Shaftoli, gansun Shaftolisi, David Shaftolisi, Potanin Shaftolisi, Mir Shaftolisi, Farg’ona Shaftolisi. AQSh, Yevropaning janubi, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, O’rta Osiyo, Zakavkazeda keng tarqalgan. Bundan 2 ming yil oldin madaniylashtirilgan. 5000 ga yaqin navi bor. Hozirgi davrda shimoliy va Janubiy yarim sharning barcha subtropik va tropik mamlakatlarida o’stiriladi. Jahon bo’yicha yalpi hosili 12,0 million tonna (1999). O’zbekistonda ekin maydoni jihatidan mevali daraxtlar orasida 3-o’rinni egallaydi. Bog’dorchilikda, asosan, oddiy Shaftoli turi navlari o’stiriladi (boshqa turlaridan manzarali o’simlik yoki payvandtag sifatida foydalaniladi). Bo’yi 3-9 metr, bargi ketma-ket joylashgan, nashtarsimon, gullari ikki jinsli. Mevasi sersuv (50— 600 grammgacha), danakli, yassi dumaloq, tuxumsimon, oqish-yashildan to’q qizilgacha, tukli va tuksiz (luchchak). Eti ko’kimtiroq, och pushti, sariq, to’q qizil, danagidan ajraladi (ajralmaydigan navlari ham bor), mazasi nordonshirin, shirin. Tarkibida 80-90% suv, 10— 14% qand, 0,081,02% olma, vino, limon kislota, 0,56—1,26% pektin, shuningdek, oshlovchi va azotli moddalar, A, S, V VI- taminlari, danagi mag’zida 20-60% yog’, amigdalin, oqsil moddalar va boshqalar bor. Yangiligida eyiladi, qoqi, konserva (jem, murabbo, kompot) qilinadi, bargi va guli qaynatmasi xalq tabobatida bosh og’rig’i, revmatizm, oshqozonichak kasalliklarini davolashda qo’llaniladi. Shaftoli yaxshi asal beruvchi daraxt. Shaftoli danagidan va payvand qilib qo’paytiriladi. Payvandtag sifatida oddiy Shaftoli va boshqalar turlari urug’ ko’chati, bodom, tog’olcha, ba’zan o’rikdan foydalaniladi. Hosildorligi 200-400 ts/ga. Ekilganidan keyin 3 — 4-yili hosilga kiradi. 12-15 yil yaxshi hosil beradi (daraxti 100-150 kilogrammgacha). O’zbekistonda aprelda gullaydi, naviga qarab mevasi may—oktabr oylarida pishadi. Shaftoli nisbatan issiqsevar, yorug’sevar va -15, — 20° li qisqa sovuqlarga chidaydi, -25° da nobud bo’ladi, ayniqsa, gullagan paytida bahorgi qorasovuqlardan ko’p zararlanadi. Ko’chati kuzda va bahorda 25-30 santimetr chuqurlikda haydalgan yerga 5×4, 5×5, 6×3 metr sxemada ekiladi. Yosh daraxtlar vegetasiya davrida 15-16, hosilga kirganlari 4-5, Toshloq yerlarda 10-12 marta sug’oriladi. Shaftoliga kosasimon shakl beriladi va har yili erta bahorda butaladi. O’zbekistonda 50 ga yaqin navlari rayonlashtirilgan. Shaftolining ertapishar — Anjir shaftoli. Lola, Morettini; o’rtapishar — Zafar, Start, Malinoviy, Elberta, Shirinmag’iz, oq shaftoli, kechki — Salvey, Farhod navlari ko’p ekiladi. Kasalliklari: barg bujmayishi, shira oqishi, dog’lanish va boshqalar. Zararkunandalari: Shaftoli barg biti, Shaftoli kuyasi, Shaftoli tana biti. Ularga qarshi bahorda kurtaklar bo’rtishiga qadar insektisidlar va fungisidlar bilan ishlov beriladi. Ad.: O’rik, shaftoli, olxo’ri, T., 1960; Pomologiya Uzbekistana, T., 1983; so- birov M . Q., Tomorqa bog’dorchiligi, T., 1991. Sulton Xolnazarov.