Shamshod
Shamshod (Buxus) — shamshoddoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxtlar va butalar turkumi. Janubiy Sharqiy va Sharqiy Osiyoda, O’rta dengiz atroflarida, Hindistonda, Sokorta va Madagaskar orollarida hamda Afrikada ularning 40 dan ortiq (ba’zi ma’lumotlarga qaraganda 70) turi tarqalgan. Kserofil butazorlarda, barg to’kadigan, aralash o’rmonlarning eng pastki qismida o’sadi. Barglari ellipssimon yoki dumaloq, qalin. Gullari mayda, bir jinsli, to’pgulga yig’ilgan, xushbo’y. Erta ko’klamda gullaydi. Chetdan changlanadi. Mevasi uch uyali ko’sakcha, urug’lari qora, yaltiroq. Shamshodning 2 ta noyob (relikt) turi: kolxida Shamshodi (V. colchica) G’arb. Zakavkazeda va Girkan Shamshodi (B.hyrcana) Talishda o’sadi. Uning 4 turi Introduktsiyalashgan bo’lib, ulardan yashil Shamshod (V. sempervirens) O’zbekistonda ham o’stiriladi. Serbarg buta yoki barglari yaltiroq daraxt. Juda sekin o’sadi (300— 400 yoshli daraxtining bo’yi 20 metrdan oshmaydi). Qattiq sariq yog’ochidan musiqa asboblari, sovg’alar uchun turli mayda o’ymakorlik mahsulotlari tayyorlanadi. Shahar sharoitiga chidamli. Urug’idan, ko’proq qalamchalaridan ko’paytiriladi. Manzarali o’simlik sifatida xiyobonlarda o’stiriladi.