Shamsiddinov Fazliddin

Shamsiddinov Fazliddin (1916.13.1, Buxoro — 1980, Toshkent) — dirijyor, O’zbekiston (1965) va Qoraqalpog’iston (1973) xalq artisti. Moskva O’zbek opera studiyasini (1941), Toshkent konservatoriyasini (1956) tugatgan. Ijodiy faoliyatini O’zbek davlat musiqali teatrida xonanda va aktyor sifatida boshlagan (1929-34). Yangiyo’l teatri (1942-48), Muqimiy teatri (1948— 53), Navoiy teatri (1956-61)da bosh dirijyor, O’zbek davlat simfonik orkestri (1953-56), Navoiy teatri (1941-42 va 1961 yildan), “O’zbekfilm”da (1955 — 71) dirijyor. 1958 yildan Toshkent konservatoriyasi, 1970 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida dars bergan. Shamsiddinovning dirijyorlik texnikasi o’zining aniqligi, ravonligi, musiqiyligi, ijro uslubi har bir obrazni o’ziga xos musiqiy tavsif orqali ifodalanishi bilan ajralib turadi. Shamsiddinov “Tohir va Zuhra” (T.Jalilov) kabi musiqali dramalar, “Layli va Majnun” (R.Glier, T.Sodiqov), “Maysaraning ishi” (S.Yudakov), “Poltavalik Natalka” (N.Lisenko), “Karmen” (J.Vize), “Sug’d elining qoploni” (I.Akbarov) singari operalar, “momaqaldiroq so’qmoklaridan” (Q.Qorayev), “Francheska da Rimini” (P.Chaykovskiy), “Bolero” (M.Ravel) va boshqa baletlarni sahnaga tayyorlashda faol qatnashgan va dirijyorlik qilgan. U O’zbekiston kompozitorlari (M.Burbonov, Ik.Akbarov, S.Yudakov, S.Boboev va boshqalar) simfonik asarlarining birinchi ijrochisi va targ’ibotchisi sifatida ham tanilgan.